Xorijiy olim o‘z tajribalar bilan o‘rtoqlashdi

4-noyabr kuni Toshkent temir yo’l muhandislari instituti taklifiga ko’ra Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan olimlar Vladimir Erofeev va Valeriy Kondrashchenko  ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Seminarning ochilishida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Anvar Adilhodjaev seminar maqsadi bilan tanishtirdi.

Rossiya arxitektura va qurilish fanlari akademiyasining akademigi (RAASN), texnika fanlari doktori, professor Vladimir Erofeev «Turli materiallarning biologik qarshiligini nazariy va eksperimental tadqiqotlari, ularni himoya qilish mexanizmlari, biologik parchalanishni modellashtirish va biologik shikastlanishdan himoya qilish usullarini ishlab chiqish» mavzusida ma’ruza qildi.

RAASN Rossiya Federatsiyasining davlat fanlar akademiyalaridan biri bo’lib, mamlakatning arxitektura, shaharsozlik va qurilish fanlari bo’yicha yuqori ilmiy tashkiloti sanaladi.

Professor Erofeev Vladimir Trofimovich yuzlab ilmiy maqolalar, o’nlab monografiyalar va kitoblarning muallifidir. Bugungi kunga qadar u 42 fan nomzodlarini tayyorladi.

Shuningdek, Rossiya transport universiteti qurilish materiallari va texnologiyalari kafedrasi professori, texnika fanlari doktori Valeriy Kondrashchenkoning  «Muhandislik muammolarini hal qilishda matematik usullarni qo’llash» mavzusida ma’ruzasi tinglandi.

Seminarda korroziya, biokorroziya, beton konstruktsiya va boshqalarni oldini olish uchun qurilish materiallarini ishlab chiqarishda mavjud muammolar muhokama qilindi.

Seminarda institut doktorant va magistrantlari ishtirok etdilar.

Manba:Ilmiy tadqiqot va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi axboroti