Til – ko‘ngil mulki

2019 yil 28 oktabr kuni institut faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat tilining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbek maqom san’atining ustasi Rajabiylar sulolasi bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda sulola vakillaridan Xasan Rajabiy, Aziz Rajabiy va Yunus Rajabiylar tashrif buyurishdi. Tadbir buyuk sulolaning vakillari, sulola tarixi, ularning maqom va o‘zbek musiqasi yo‘lidagi faoliyatlari aks etgan fototasmalar namoyishi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng o‘zbek milliy maqom san’atining buyuk namoyondasi Yunus Rajabiyning o‘g‘li xalq hofizi Xasan Rajabiy o‘z nutqida, Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida, Milliy maqom san’ati xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi va bu san’at o‘zining boy qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va ijodiy an’analari bilan milliy musiqa madaniyatimizning asosi ekanligini, shu bilan birgalikda, xalq og‘zaki ijodida adolat va haqiqat, vatanparvarlik hamda qahramonlik kabi ezgu fazilatlar yuksak pardalarda tarannum etilishi haqida gapirib o‘tdi. O‘zbek musiqasining oltin fondidan joy olgan “Qora ko‘zim”ni ijro etib berdi.


Tadbir davomida Aziz Rajabiy va Yunus Rajabiylar tomonidan kuy va qo‘shiqlar talaba yoshlarga taqdim etildi. Ayniqsa, Aziz Rajabiy ijrosidagi ham maqom ham zamonaviy estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilarini xushnud etishdi.

Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga sulola vakillari javob berdi. Tadbir qiziqarli va jonli muloqotlar asosida tashkillashtirildi.

Manba: “Tillar” kafedrasi axboroti