Saidahror G‘ulomov: mamlakat taraqqiyotida aqlli ta’limning o‘rni beqiyos

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Saidahror G‘ulomov Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti o‘qituvchi va talabalari bilan uchrashdi.


Qayd etish joiz, Saidahror G‘ulomov mamlakatimizda boshqa ziyoli olimlar singari ko‘p yillar mobaynida ta’lim sohasida o‘z mehnat faoliyatini olib borgan. U respublikada malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, shuningdek, xorij ilmiy muassasalari bilan o‘zaro integratsion aloqalarni o‘rnatish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayapti.
Olimlarimizning fundamental bilimlarini yoshlar orasida targ‘ib qilish va boy ilmiy faoliyatini o‘rganish, ularning tajribasidan samarali foydalanish asosida ilm olishga izlanuvchan ishtiyoqmand yoshlarni bu sohaga kengroq jalb etish, ular orasidan iqtidorli va qobiliyati bo‘lgan yoshlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida uyushtirilgan uchrashuvda akademikning “O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlantirishda “aqlli ta’lim”ning samaradorligi ” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
– Bo‘lajak iqtisodchi sifatida shuni ayta olamanki, bugungi uchrashuvda akademik tomonidan biz, yoshlarga berilgan bilim ko‘lami nihoyatda keng qamrovli bo‘ldi, – deydi talaba Nodirbek Davronov.– Men uchun shaxsan olim tomonidan jahon tajribalarini puxta o‘rganib, ishlab chiqilgan foydali yangi metodlar va modellarning turfa xilligi yoqdi. Jumladan, innovatsion rivojlanishda investitsiyalar samaradorligini oshirish uchun muhim ko‘rsatkich – aholining intellektual (aqliy), kasbiy qobiliyatini o‘stirish va ta’limda innovatorlikka o‘rgatish, shuningdek, investitsiyalar jozibadorligini oshirish uchun “raqamli iqtisodiyot”, “aqlli iqtisodiyot”, “aqlli ta’lim” kabi dasturlarni amalga oshirish haqidagi ilmiy asoslangan qarashlari ko‘proq menga manzur bo‘ldi.
Olim uchrashuv davomida yosh ilm izlovchilarga intellektual salohiyatga tayangan holda innovatsion yechimlarni faollashtirish yuzasidan amaliy maslahatlar, tavsiyalar berdi.

Manba: «Iqtisodiyot va menejment» kafedrasi axboroti