Ona tilimiz ulug‘landi

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida oktabr oyi – “o‘zbek tili oyligi”deb e’lon qilindi.


Bugun, 21 oktabr kuni “O‘zbek tili oyligi” doirasida institutning faollar zalida “Tillar” kafedrasi va institut qoshidagi “Mirobod” akademik litsey o‘qituvchilari hamkorligida “Tilimiz – millatimiz qiyofasi” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tantanali yig‘ilishga institut professor-o‘qituvchilari, “Mirobod” akademik litseyi o‘qituvchilari, talabalar, akademik litsey o‘quvchilari, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdi.


Tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Dilshod Baratov kirish so‘zi bilan ochib, til – millatning ko‘zgusi, tuganmas hazinasi ekani, istiqlol yillarida ona tilimiz o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgani, Konstitutsiyamizda uning huquqiy jihatlari mustahkamlab berilgani, tilimizning mayinligi, boyligi, uning inson ruhiyatiga ta’siri, xalqlarni birlashtirishi, urf-odatlarni saqlashi hamda xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborini tobora yuksalayotgani haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.


Bayram tadbiri o‘zbek tilining qadimiy va boy tarixini ko‘rsatuvchi sahna ko‘rinishi bilan boshlandi. O‘z asarlarini sof turkiy tilda yaratgan Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Xojiblar sahnaga chiqishganida, talabalarda tilimizning naqadar qadimiy ekanligiga, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy siymosi gavdalanganda tilimiz juda ham chiroyli va jozibador ekanligiga, M.Behbudiy va A.Qodiriylar sahnaga chiqishganida tilimizning umrboqiyligiga ishonch va faxr tuyg‘ulari jo‘sh urdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist A.Bekjanov bayram shukuhiga o‘zining she’r va qo‘shiqlari bilan yanada fayz bag‘ishladi.


Tilimizning muborak kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri talaba yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Talabalar uchun tadbir ma’naviy dars vazifasini o‘tadi.


Marosim yakunida filologiya fanlari nomzodi, “Tillar” kafedrasi mudiri Guldora Mustaeva so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi. O‘zbek tilining sofligini va bardavomligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan hamkasblariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Adabiyotshunos Oygul Iskandarova