Institut faollari Farg‘onada forum o‘tkazdi

Davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
Farg‘ona viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti faollari O‘zbekiston tumanidagi Barkamol avlod markazida “Besh tashabbus – Yoshlar uchun imkoniyat maydoni” forumini o‘tkazdi.

Tuman umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston tumani Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha xokim o‘rinbosari Isroiljon Tursunov, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti prorektori Shukurali Tursunov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nafisa Nishonova va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ravshanbek Madumarovlar so‘zga chiqdilar.

Forumda tuman bolalar musiqa va san’at maktablari, o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarining musiqiy chiqishlari barchaga zavq ulashdi.

Forum ishtirokchilari va ishchi guruh a’zolari xar bir tashabbus bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
1-tashabbus “Yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teartr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish” yuzasidan 46-maktab o‘quvchilari tomonidan Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sariq devni minib” asaridan parcha namoyishi forum ishtirokchilarida katta taassurotlar uyg‘otdi. Ushbu maktab o‘quvchisi Yo‘ldashali O‘tbosarov ijrosidagi “Agronom” roli yig‘ilganlarda ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. 8- maktab o‘quvchilari tomonidan “Susambil”, 59- maktab “Zumrad va Qimmat”, 61- maktab “Bo‘g‘irsoq” nomli spektallardan parchalar ijro etildi.

2-tashabbus “Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobilyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish” yuzasidan 8, 36, 48-maktab o‘quvchilari tomonidan sport yo‘nalishidagi ko‘rgazmali chiqishlar amalga oshirildi.

3-tashabbus “Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish” bo‘yicha 65-IDUMI o‘quvchilari va 18- maktab o‘quvchilari tomonidan mental arifmetika bo‘yicha erishilgan yutuqlarini ko‘rsatib berdi.

4- tashabbus “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng tarqib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish” yuzasidan 1-maktab va 50- maktab o‘quvchilari tomonidan kitobxonlik bo‘yicha o‘z mahoratlarni namoyon etdilar. Ayniqsa 50- maktab o‘quvchisi Muxammadfozil Ismoilov o‘zining bilimi, intellektual salohiyati bilan ishchi guruh a’zolari va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

5-tashabbus “Xotin-qizlarni ish bandligini ta’minlash” bo‘yicha 10-maktab, 24-maktab, 46- maktab o‘quvchi qizlari tomonidan tayyorlangan qo‘l ishlari forum ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Forum yakunida barcha yo‘nalishlardan yuqori natija ko‘rsatgan o‘qituvchi va o‘quvchilar taqdirlandi. Jumladan, 10 – maktab texnologiya fani o‘qituvchisi Maxkamova Gulnoraxon va 24-maktab o‘qituvchisi Gulchexra Xusanova o‘quvchi qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda va kasb-xunarga yo‘naltirishda amalga oshirgan ishlari bo‘yicha, 8-maktab o‘quvchilari Feruza Azimjonova va Xumoyun Nosirov “Ingliz tilida” fani yo‘nalishida, shuningdek, 65-IDUMI o‘quvchilari taqdirlandi.

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi O‘zbekiston tumani bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazgan forumi maktab o‘quvchilarining kelgusi o‘qish, sport, kasb tanlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi. Bu kabi forumlarni Respublikamizning boshqa tumanlarida ham o‘tkazish bo‘yicha takliflar berildi.

Manba: Ishchi guruh axboroti