Farg‘onada “maktab-oliy o‘quv yurti” hamkorligi yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2019 yil 11 oktabrdagi topshirig‘iga muvofiq institut rektori Ma’rufjon Rasulov rahbarligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida joylashgan maktablarda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tashrif buyurdi.

Tashrifning ilk kuni rektor Ma’rufjon Rasulov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi umumta’lim maktab rahbarlari bilan ochiq muloqoti tashkillashtirildi. Uchrashuvda ishchi guruh tashrifining asosiy maqsadiga urg‘u berilib,o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiya va uslubiy ko‘mak berishga tayyorligi ta’kidlandi.

Ayniqsa, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va O‘zbekiston tumani maktablari o‘rtasida “maktab-oliy o‘quv yurti” hamkorligini yo‘lga qo‘yish asosida ta’lim sifati va mazmunini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularga metodik yordam berish, xususan, yosh o‘qituvchilarning tanlagan kasbiga nisbatan ishtiyoqini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish zarurligi uqtirildi.

Shu kunning o‘zida ishchi gurux tumanning 2, 6, 10, 18, 26, 28, 37, 52- maktablarida o‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Maktablarda 5ta tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan ishlar bilan tanishdilar. Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha maktablarda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tahlil qilinib, tavsiyalar berildi. Umumiy o‘rta ta’limning dolzarb masalalari, ta’lim sifatini ta’minlash, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish kabi masalalar yechimi yuzasidan maktab o‘qituvchilarining fikrlari tinglandi.


Institut rektori rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan tumandagi 26 ta maktab faoliyati o‘rganildi. O‘rganish natijalari tahlil qilinib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Ishchi guruhning O‘zbekiston tumani maktablarini o‘rganish jarayoni davom etmoqda.

Manba: Axborot xizmati