Nufuzli mukofotga nomzod saralandi

Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi faolligini oshirish, hayotda, oilada, o‘qishda va ishda, jamoatchilik orasidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Ayolni hamisha muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko‘rsatish esa azaliy qadriyatlarimiz sirasiga kiradi. Shu bois, mamlakatimizda xotin-qizlarning barcha sohalar bo‘yicha erishayotgan yutuqlari alohida e’tirof etilib, moddiy va ularni ma’naviy rag‘batlantirish doimiy an’anaga aylangan.

Ayniqsa, iqtidorli ayol-qizlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyat, sportni rivojlantirishdagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodining yuksalishi yo‘lidagi ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida 1999 yil O‘zbekiston Pespublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmon ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlar O‘zbekiston xotin-qizlari hayotida ijobiy o‘zgarishlar yasadi.

7 oktabr kuni mazkur ko‘rik-tanlovning institut bosqichi bo‘lib o‘tdi. Institut Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nodira Xodjaeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi va mamlakatimizda ayol-qizlarining ijodkorlik salohiyatini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmonlari va hukumat Qarorlari, shuningdek Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar uchun qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumot berdi va tuzilgan komissiyalar tarkibi bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng har bir nomzodlar erishgan yutuqlar yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar ochiqlik va shaffoflik asosida komissiyalar tomonidan tahlil etilib, eng iqtidorli deb topilgan nomzod tanlab olindi. ‘Iqtisodiyot fakulteti talabasi Mohinur Yaxshiqulova nomzodi Mirobod tuman bosqichiga tavsiya etildi.

Manba: Axborot xizmati