O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi loyihasi muhokama qilindi

18 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi. Majlisda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati va jamoasi, barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, filiallar direktorlari ishtirok etgan muhokamada oliy ta’limni rivojlantirish oliy ta’limni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi PQ–4391-son “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.
Kontseptsiya O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda sohaga oid dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.

Kontseptsiya quyidagi qismlardan iborat:
1-bob. Umumiy qoidalar.
2-bob. Oliy ta’lim tizimining joriy holati va mavjud muammolar.
3-bob. Oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari.
4-bob. Kontseptsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar.

Umumiy qoidalarda kontseptsiyaning oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilganligi asoslangan.
Shuningdek, tizimda mavjud bo‘lgan quyidagi muammolar ham sanab o‘tilgan:
– amaldagi malaka talablari, o‘quv reja va dasturlari mazmun jihatidan bitiruvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilmagan,
o‘quv rejalarida nomutaxassislik fanlari ulushi yuqoriligicha qolmoqda;
– oliy ta’lim muassasalari va kadrlar buyurtmachilari bilan o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlar samarali yo‘lga qo‘yilmagan,
– ish beruvchilarning oliy ta’lim mazmunini shakllantirishdagi ishtiroki etarli emas;
– talabalarda tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish ko‘nikmalari shakllantirilmagan;
– ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mashg‘ulotlar samarali tashkil etilmagan, tayyorlanayotgan mutaxassislar malakaviy darajasi mehnat bozorining zamonaviy talablariga etarlicha javob bermaydi;
– professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish darajasi pastligi sababli ularning kasbiy mahorati bugungi kun talablaridan ortda qolmoqda va h.k.

Bundan tashqari ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat sohasida, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash sohasida, ta’lim sohasidagi jozibadorlikni oshirish, xalqaro miqyosda raqobatbardoshlikni ta’minlash sohasidagi vazifalar belgilangan.

Quyidagilar oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlar sifatida e’tirof etilgan:
mamlakatni modernizatsiya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, inson kapitalini mehnat bozori talablari asosida rivojlantirish;
oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish, xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar tayyorlash, ularning intellektual qobiliyatlarini namoyon etishi va ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish;
sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, uning jozibadorligini oshirish, jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini ta’minlash.

Ushbu maqsadli vazifalardan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimini rivojlantirish quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan:
oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish;
ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish;
oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish;
ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish;
yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish;
oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi va barqarorligini ta’minlash, moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash;
oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va boshqaruv faoliyatini takomillashtirish;
korruptsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish;
oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash.

Majlisda muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, yangi tuzilgan respublika oliy ta’lim kengashi oldida turgan dolzarb vazifalar, uning istiqbol-rejalari ham muhokama qilindi.

Manba:O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus
ta’lim vazirligi Axborot xizmati