“Yil talabasi-2019” Respublika tanlovining institut bosqichi xususida

Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

  1. “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”, bunda talabaning institutga kirgandan boshlab fanlarni o‘zlashtirish va o‘quv jarayonlardagi ishtiroki va faolligi, chop etilgan maqola va tezislari hamda ularning mazmun-mohiyati, dolzarbligiga oid ishlar ko‘rib chiqiladi.
  2. “Yilning eng faol tashabbuskor-targ‘ibotchi talabasi”, bunda talabaning institut jamoat ishlaridagi, Yoshlar ittifoqi va boshqa jamoat tashkilotlari faoliyatidagi amaliy ishtiroki, faollik darajasi, targ‘ibotchi sifatidagi namunaviy ishlari, tashkilotchilik qobiliyati va shu asosda o‘zi tashkil etgan tadbirlar mazmuni, erishgan yutuklari ko‘rib chiqiladi.
  3. “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi”, bunda talaba tomonidan yaratilgan ilmiy ishlar, ixtirolar, innovatsion g‘oyalari, ratsionalizatorlik takliflari, ularning yangiligi, dolzarbligi va ilmiy ahamiyati ko‘rib chiqiladi.
  4. “Yilning eng faol sportchi talabasi”, bunda talabaning sport sohasidagi yutuqlari va erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi.
  5. “Yilning eng faol ijodkor talabasi”, bunda talabaning o‘zi tanlagan mutaxassisligi yo‘nalishidan qat’iy nazar musiqa, adabiyot, san’at va teatr sohasidagi qiziqishlari va erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi.
  6. “Yilning eng faol bloger talabasi”, bunda talabaning ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi yaratgan ishlanmalari, Axborot-kommunikatsiya tarmog‘idagi faollik darajasi va ushbu sohalarda erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi.
  7. “Yilning eng namunali tadbirkor talabasi” (xotin-qizlar uchun), bunda talaba-qizlarning mustaqil ravishda tadbirkorlik asosida erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi.

Tanlovga hujjatlar 20 sentabrdan 15 oktabrgacha Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va marifat bo‘limida qabul qilinadi. Tanlovda institutda uzluksiz (akademik ta’tilsiz) o‘qib kelayotgan 2, 3, 4-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin.

Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar quyidagi tartibda mukofotlanadi:

1-o‘rin: institut faxriy yorlig‘i va bazaviy hisoblash miqdorining 7 barobari;

2-o‘rin: institut faxriy yorlig‘i va bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobari;

3-o‘rin: institut faxriy yorlig‘i va bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari;

Nominatsiyalar bo‘yicha 1-o‘rin sohiblari tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Tanlovning Respublika bosqichida g‘oliblari quyidagi tartibda mukofotlanadi:

1-o‘rin: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining I darajali diplomi va bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari;

2-o‘rin: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining II darajali diplomi va bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobari;

3-o‘rin: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining III darajali diplomi va bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari.

 

Tanlov uchun quyidagi hujjatlar to‘plami tayyorlanadi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi:

– tanlov ishtirokchisining qobiliyati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, yetakchilik qobiliyati, erishgan yutuqlari, darslardagi faol ishtiroki, talabalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari va jamoat ishlaridagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar bayon etilgan ikki betdan oshmaydigan hajmdagi taqdimnoma;

– tanlov ishtirokchisining fanlarni o‘zlashtirish natijalari aks etgan hujjatlar (baholarni qayd etish varaqalari, talabaning baholarni o‘zlashtirish sinov daftarchasi) nusxalari;

– tanlov ishtirokchisining nashr etilgan ilmiy, ilmiy-uslubiy, ijodiy ishlari, ularga tegishli mutaxassislardan olingan taqrizlar bilsan birga;

– turli tadbirlar, tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nusxalari ilova qilinadi);

– grantlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, ishtirokning shakli va darajasi ko‘rsatiladi;

– konferensiyalardagi ishtiroki hakidagi ma’lumotlar, ilmiy ishlar ro‘yxati va ilmiy ishlar ksero nusxalari ilova etilgan holda taqdim etiladi;

– hujjatlar to‘plamiga kiritilgan materiallar va axborotlar joriy yil davomida chop etilgan bo‘lishi lozim.

Yuqorida zikr etilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda har bir ishtirokchi (alohida belgilangan kunlarda) tanlov komissiyasi oldida o‘zlari haqida ma’lumot (tanishtiruv) jarayonini amalga oshiradilar hamda ijtimoiy-siyosiy bilimlari (mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasi, fuqarolar huquqiy bilimlarini oshirish borasidagi amaliy ishlar, ichki va tashki siyosat va h.k.) yuzasidan suhbatdan o‘tadilar.