Temir yo‘l delegatsiyasi Moskvada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

Moskva shahrida “Universitetskaya kniga-2019” xalqaro yarmarkada ishtirok etgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi.


Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rahbarlarining muloqotida 2016 yil 26 aprelda imzolangan memorandum yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va hamkorlikning ustivor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muloqotda o‘quv jarayoniga yuqori malakali olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish masalalari ham o‘rin oldi.
Tashrif davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Muxsinjon Mamasidiqov va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov universitetda tahsil olayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ talabalari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz transport tizimidagi islohotlar haqida so‘z bordi. Institut rektori Ma’rufjon Rasulov innovatsion loyihalarni amalga oshirishda etuk kadrlarning roli katta ekanligini, ayniqsa, konchilik va rangli metallurgiya sohalarida kadrlarga talab yuqori ekanligi qayd etdi. Ularni o‘z sohalarida etuk mutaxassis bo‘lishlariga ishonch bildirdi.
Uchrashuvdan maqsad, talabalarning muammolarini o‘rganish, Moskvada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni birlashtirish va o‘qishga yangi kelganlarga yordam ko‘rsatish, hamda ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarning rivojlanishiga ham hissa qo‘shish ekanligi qayt etildi. Rektor talabalarning yashash tarzi, o‘qish jarayoni, taklif va mulohazalari bilan qiziqdi.

Tashrif davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati delegatsiyasiga Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rektori Anatoliy Aleksandrov hamrohlik qildi.
Ma’lumot uchun: 2016 yil 26 aprelda imzolangan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bitimiga muvofiq ayni vaqtda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining 76 nafar talabasi N. E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetida tahsil olmoqda.

Institut matbuot xizmati