Yosh temiryo‘lchilarning 20 nafari Moskvaga yuboriladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2019 yil 31 yanvardagi “Xorijiy oliy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash uchun komissiya tashkil etish to‘g‘risida”gi 220-NZ-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va Moskva davlat texnika universiteti o‘rtasidagi bitimga muvofiq N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetiga kirish imtixonlari o‘tkazildi.

 

Joriy yilda imtixonlarga ishtirok etish uchun 213 nafar yoshlardan ariza kelib tushdi. Nomzodlar kontingentini “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida faoliyat yuritayotgan yosh temiryo‘lchilar, temiryo‘lchilarning farzandlari, jamiyat tasarrufidagi o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining 1 kurs talabalari tashkil qildi.

 

Uch bosqichli saralashning dastlabki bosqichidan matematika, fizika, kimyo va informatika fanlaridan test asosida 40 balldan yuqori ball to‘plagan yoshlar navbatdagi bosqichga tavsiya qilindi. Tanlovning ikkinchi bosqichi orqali yoshlarning xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi aniqlandi.
Yakuniy bosqich 12-13 iyun kunlari Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti mutaxassislar ishtirokida o‘tkazildi. Yakuniy bosqichga etib kelgan 103 nafar yoshlar matematika va rus tillaridan yozma ish shaklidagi sinovda qatnashdi.

 

Xorijlik mutaxassis Dmitriy Drobishev imtixon jarayonlariga to‘xtalib, klassik shakl – yozma ishlar iqtidorli yoshlarni aniqlashning samarali usuli sifatida bilaman. Insho yozayotgan inson, albatta, kitob o‘qigan bo‘lishi kerakligi, savodxonligi ham yuqori darajada bo‘lishini hammamiz tushunamiz. Rossiya Federatsiyasida hozirgi kunda aholining savodxonligini oshirish uchun barcha oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun yagona davlat imtixonlarida insho yozish qonun bilan muhrlab qo‘yilgan.

 

Kirish imtixonlarining natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlardan 20 nafarini “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ homiyligi asosida o‘qishga yuborish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ayni vaqtda 56 nafar o‘zbek yoshlari Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetida tahsil olmoqda.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov