«Oliy matematika» kafedrasi: maqsadlar aniq va natijalar sari

Mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, maktab o‘quvchilarining ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intelektual salohiyatini oshirishda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar imkoniyatlaridan unumli foydalanilayotganligi bejiz emas.

Shu ma’noda, “Oliy matematika” kafedrasining ta’lim turlari o‘rtasidagi o‘zaro integratsiya jarayonini kuchaytirish hamda ularning uzviylik va uzluksizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlikdagi faoliyati quvonarli holdir. Kafedraning ilmiy darajali professor-o‘qituvchilari o‘quv yili davomida Yunusobod tumanidagi 105, 170, 327 va 70-sonli, Mirobod tumanidagi 147-sonli, Shayxontohur tumanidagi 157-sonli, Yashnobod tumanidagi 226-sonli, Olmazor tumanidagi 24-sonli, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Muhammad al-Xorazmiy nomli hamda Sergeli tumanidagi 6-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga biriktirildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari maktablar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, maktab o‘qituvchilari bilan hamkorlikda matematika fani dasturlarini takomillashtirish, yosh o‘qituvchilar uchun maktablarda ochiq ma’ruza, master-klasslar o‘tkazish va maslahatlar berish kabi vazifalarga e’tibor qaratdilar. Iqtidorli maktab o‘quvchilarini aniqlashga ko‘maklashish, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida fan olimpiadalari uchun nazorat materiallarini ishlab chiqish masalalari kafedra yig‘ilishlarida maktab o‘qituvchilari ishtirokida muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306 sonli qarori kafedraning bu borada olib borayotgan tizimli ishlarining samarasini belgilashga xizmat qildi.
Kafedra mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi Dulfuza Eshmamatovaning axborotiga ko‘ra 2019-2020 o‘quv yilida kafedra jamoasi hamkorlikning xulosalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari matematika o‘qituvchilari fikrlarini inobatga olgan holda tavsiyaviy qo‘llanmalar yaratishni rejalashtirgan.

21 may kuni hamkor maktablar va institut atrofidagi maxalla maktablarining bitiruvchilari uchun kafedra jamoasi “Ochiq eshiklar kuni”ni o‘tkazdi.
“Ochiq eshiklar kuni”ga tashrif buyurgan maktab o‘quvchilari va ularning hamroxlariga 3 yo‘nalishda ekskursiya yo‘laklari tavsiya qilindi.
“Ilm”, “San’at va sport” va “Ijtimoiy” yo‘nalishlarida institutning barcha ob’ektlari va talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
– “Ochiq eshiklar kuni”ni aynan o‘quv yili yakunida o‘tkazganimizning ramziy ma’nosi bor, – deydi kafedra o‘qituvchisi Sherzod Yusupov – So‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari ostida katta hayotga yo‘llanma olayotgan bitiruvchi yoshlar hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari g‘oyatda muhim. Tadbir orqali biz ularning qalbida oliy ta’lim muassasalarida tahsilni davom ettirish ishtiyoqini uyg‘otishga harakat qildik.

“Oliy matematika” kafedrasining oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim dargohlari o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash maqsadidagi tizimli faoliyati yoshlarni o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirishda, ularning qiziqishlarini qo‘llab quvvatlashda samarali natija berishi, shubhasiz.
Yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish yo‘lidagi say’-harakatlari uchun kafedra jamoasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Institut matbuot xizmati