Ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligi

«O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining 2017 yil 7 avgustdagi NOKp-005-sonli buyrug‘ining ijrosini ta’minlash hamda jamiyatning malakali mutaxassislari salohiyati va boy hayotiy tajribalaridan samarali foydalanish, ularni fan va ishlab chiqarish hamkorligiga safarbar qilish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassislari bilan bo‘lgan muloqotda temir yo‘l xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yuksak bunyodkorlik ishlari, rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar hamda fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash xususida fikr yuritildi. “Temir yo‘l qurilishi, yo‘l va yo‘l xo‘jaligi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kafedra bitiruvchi talabalarining munozarali savollariga Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bexzod Kunanbaev va innovatsiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Muslim Ortiqboevlar o‘z munosabatlarini bildirdi.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” UK bosh direktori N.S.Abdullaev bilan korxona faoliyati, innovatsiyalar va rivojlanish istiqbollari haqida institut bitiruvchilari bilan davra suxbati tashkillashtirildi. Suxbat davomida korxonadagi texnologik va ijtimoiy-iqtisodiy islohatlar, xususan ishlab chiqarishga tadbiq etilayotgan zamonaviy jihozlar, ta’mirlash ishlab chiqarishi texnologiyalari, kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va ularga yaratilayotgan sharoitlar, institut bitiruvchilari malakalariga belgilangan talablariga oydinlik kiritildi.
Uchrashuvlarda ishlab chiqarish korxonasi o‘z faoliyatidagi mavjud muammo va kamchiliklarni institutga taqdim etishga, institut talaba va magistrlari o‘z bitiruv-malakaviy ishi, magistrlik dissertatsiyalari, shuningdek, ilmiy izlanuvchilar doktorlik dissertatsiyalarida korxona va tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq amaliy ish olib borib, tadqiqot natijalarini o‘sha korxonada joriy etishga kelishildi.

Institut matbuot xizmati