“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida sayyohat uyushtirildi

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 27-28 aprel kunlari Xiva va Urganch shaharlariga sayohat uyushtirildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan tashrifdan institut jamoasining 50 nafar vakili va ularning oila a’zolari katta taassurot bilan qaytdilar.
“Temiryo‘lkasabaservis” MChJ sayyohlik tashkiloti tomondan tashkil etilgan ushbu tadbir davomida sayohatchilar Urganch shahridagi “Ulli hovli” va Xiva shahridagi Ichan qa’la tarixiy majmuasida joylashgan barcha tarixiy maskanlarini tomosha qildilar. Sayohat davomida jamoa a’zolariga mahaliy gidlar hamrohligida ziyoratjoylarning tarixi va buguni haqida qimmatli ma’lumotlar berildi. Ayniqsa Ichan qal’a muzey qo‘riqxonasi ekskursovodi Sabohat Nurjanovaning ma’lumotlari barchaning e’tiborini tortdi. “Kalta Minor (Ko‘k minor)”, Muhammad Aminxon madrasasi, Xon saroyi va qabulxonasi, “Pahlavon Mahmud”, Jome masjid, Olloqulixon saroyi va tosh hovlisi, “Oq shayx bobo tepaligi” “Uch avliyo maqbarasi”, Muhammad Rahimxon Feruz tomonidan qurdirilgan madrasa, Islomxo‘ja minorasi kabi tarixiy binolarning barpo bo‘lishi, uning tarixiy ahamiyati haqidagi hikoyalar tashrifning maqsadini ochib berishga xizmat qildi.
Institut professori Abdulhaq Xalikov tashrifdan boy taassurotlar bilan qaytganligini yashirmadi. Xizmat yuzasidan Mustaqil Hamdo‘stlik Davlatlari va ko‘plab Evropa mamlakatlarida bo‘lganman. Tarixi qadim zamonlar bilan chambarchas bog‘lanib ketgan Xiva shahrida bo‘lmaganligimdan xozir afsusdaman. Xiva shahri ichida joylashgan Ichan qa’la tarixiy majmuasini sayohat qilib, xalqimizning tarixiy madaniy-ma’naviy merosi naqadar buyuk va takrorlanmas ekanligiga amin bo‘ldim. Kelgusida nabiralarim bilan birgalikda Xiva shahriga sayohat qilishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim, deydi.
Ilm-fanga asoslangan shaharsozlik madaniyati ming yillar davomida insoniyatni xayratlantirib kelgan. Dastlabki akademiyalar zaminimizda asos solinganligi ham bejiz emas. Tashrif ajdodlarimizning bizga qoldirgan tarixiy merosini o‘rganishga va ma’rifatli halqimizning ma’naviy qudratini anglashga xizmat qildi.

Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi
Ilyos Xolboev