BUTUNJAHON MEHNATNI MUHOFAZA QILISh KUNI!

Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan «Xayot faoliyati xavfsizligi» kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi, dotsent Rovshan Sodiqovich Roziqov quyidagilarni ma’lum qildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labour Organization, ILO, russk. MOT) xalqaro tashkilotlar e’tiborini dunyo miqyosida keng ko‘lamli muammolarga qaratish, mehnat muxofaza madaniyatini yaratilishi va taraqqiyoti ish o‘rinlarida o‘limni kamaytirilishi maqsadida 28 aprel kunini mehnat muxofazasi kuni (World Day for Safety and Health at Work) deb e’lon qildi. Ilk bora bu kun 2003 yili nishonlandi. Butun jahon mehnat muhofazasi kuni Amerika va Kanada mehnatkashlari tomonidan 1989 yilda ish joylarida jabrlangan, xalok bo‘lgan ishchilarga bag‘ishlangan. Sana munosabati bilan kafedrada  o‘nlab turli miqyosdagi va shakldagi tadbirlarni tashkil etdi. Ayniqsa Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabalarining Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rik tanlovda yetakchi jamoalardan biri bo‘lganligi barchamizni quvontirdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining rayosat qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 29 martdagi 97-04-457-sonli xatiga muvofiq “28 aprel – Butun jahon mehnat muhofazasi kuni” munosabati bilan 2019 yil 19 aprelda Toshkent shahridagi texnika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari ishtirokida tanlov o‘tkazildi.

“Siz mehnat muhofazasini bilasizmi?” ko‘rik-tanlovida Toshkent agrar universiteti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti, Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz Universitetining Toshkentdagi filiali, Toshkent temir yo‘l muhandislar instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent Davlat texnik universitetining talabalar jamoasi ishtirok etdilar.

Tanlovning birinchi shartida guruhlar o‘zi tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish amaliyoti o‘tagan korxona, tashkilotning sharoitlari, mehnat muhofazasi bo‘yicha ijobiy ishlari, mavjud imkoniyatlari, so‘nggi yillarda kasaba uyushmasi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini shuningdek jamiyatda ijtimoiy himoyani yuksaltirish hamda yosh xodimlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ko‘rgazmali tarzda namoyish etib berishdi.

Tanlovning ikkinchi sharti – “Mehnat muhofazasi” bo‘yicha bilimlarni aniqlash bo‘lib, unda har bir guruhning sardori maxsus konvertlar ichidan bittasini tanlashadi. Konvertlarda 2 ta savoldan iborat bilet bo‘ladi. Shart talabiga muvofiq biletdagi savollarning barchasiga guruhning bir nafar ishtirokchisi javob berib o‘tdi.

Tanlovning uchinchi sharti “Uy vazifasi” deb nomlanib, unda guruhlar jamiyatda uchraydigan mehnat muhofazasi bo‘yicha ayrim muammolarni sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etish bilan birgalikda ushbu holatlarni bartaraf qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirishdi. Xususan institutimiz jamoasi mehnat muhofazasi attestatsiyalarida uchraydigan korruptsiya muammosi va uning oqibatlarini sahnada namoyish qilib berdilar.

Ushbu ko‘rik tanlov yakuni bo‘yicha Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabalari 3 o‘ringa munosib deb topildi. Navbatdagi yutuq bilan ko‘p ming sonli institut jamoasini qutlaymiz va ko‘rik tanlovda ishtirok etgan talabalarni e’tirof etishni joiz deb topdik.
1. Namozova Nasiba – AB-205 guruh
2. Isomiddinov Farxod – AB-202 guruh
3. Boyqobilov Dilshod – AB-203 guruh
4. Po‘latov Ma’ruf – TF- 293 guruh
5. Sindarov Husniddin – AB-205 guruh
6. Fozilov Mirfozil – TF- 293 guruh

Institut matbuot xizmati