Halqaro ilmiy munosabatlarning rivojlanishida yoshlarning o‘rni

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida M. Tinishbaev nomidagi Qozog‘iston transport va kommunikatsiyalar akademiyasining 13 nafar magistrantlari ilmiy stajirovka o‘tadilar.
Ikki davlat yosh mutaxassislarining bu galgi ilmiy muloqoti temir yo‘llari sohasida axborot texnologiyalari, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy qilishdagi integratsion jarayonlarga qaratildi.
Xorijlik talabalar Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ilmiy laboratoriyalarda bo‘lib, yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishdi. Institutda ilm-fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ilmiy-texnik faoliyati natijalarini ishlab chiqarishga joriy etishdagi tajriba va amaliy tadqiqotlar qozog‘istonlik magistantlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Stajirovka davrida xorijlik magistrantlarga institutning iqtidorli magistrantlari uslubiy hamkor va yetakchi professorlari ilmiy maslakdosh sifatida biriktirildi. Mehmonlar yetakchi professorlar ko‘magida magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plash, saralash va tahlil qilishga e’tibor qaratdi.
M. Tinishbaev nomidagi Qozog‘iston transport va kommunikatsiyalar akademiyasining magistrantlariga samarali ilmiy hamkorlik uchun malaka sertifikati topshirildi.
Tashrif yakunida yosh olimlar uchun Buxoro shahriga ziyorat uyushtirildi.

Ikrom Kamolov