Jamoa shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida mehnat jamoasining 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan “Jamoa shartnomasi” majburiyatlarining bajarilishi va kasaba uyushma qo‘mitasining 2018 yildagi faoliyati yakunlari, 2018-2020 yillar uchun tuzilgan “Jamoa shartnomasi”ga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda institut rektori Ma’rufjon Rasulov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
M.Rasulov o‘z so‘zida institut jamoasining huquqlari va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi. Jamoaning mehnat sharoitini yaxshilash borasida o‘z mulohazalarini bildirdi. Ish beruvchi sifatida mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish va mehnat faoliyatini rag‘batlantirishni asosiy vazifa sanayman, dedi. Mehnat munosabatlarining rivojlanishi faqat mablag‘ bilan bog‘liq emasligini misollar bilan uqtirdi.
Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ilyos Xolboev, moliya-iqtisod ishlari prorektor Shukurali Tursunovlarning xisobotlari tinglandi.
Shuningdek, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Dilshod Baratov, Mehnatni muhofaza qilish va fuqarolar himoyasi bo‘limi boshlig‘i G‘afurjon Saparov, institut olima ayollar kengashi raisi Nasiba Yunusova, Jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Komil Muhammadievlar xisobotlar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston temir yo‘lchilar va transport quruvchilar kasaba uyushma qo‘mitasi respublika kengashi bo‘lim boshlig‘i Olimjon Xolboev kutazuvchi sifatida ishtirok etdi.

E’tiboringizga yig‘ilish qarori havola etiladi.

Institutda ish beruvchi bilan professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar o‘rtasidagi mehnatga va kasbga oid munosabatlarni tartibga solish, ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy manfaatlarni muvofiqlashtirish maqsadida institut ma’muriyati va kasaba uyushmasi o‘rtasida 2018-2020 yillar uchun qabul qilingan “Jamoa shartnomasi” majburiyatlarining 2018 yilda bajarilishi borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Institut ma’muriyati tomonidan 2018 olib borilgan davomidagi faoliyat natijasi “Jamoa shartnomasi”ning mehnatga haq to‘lash, mehnat muhofazasi, ish haqi va dam olish vaqti, ijtimoiy himoyalash chora tadbirlari kabi bo‘limlar majburiyatlarini bajarilishiga erishish tufayli institutda o‘rtacha ish haqqi 2 200 ming so‘mni tashkil etgan.
“Jamoa shartnomasi”ga asosan kafolatli to‘lovlar va kompensatsiya to‘lovlariga 120 761 ming so‘m, mehnatni muhofaza qilish bandlariga 143 400 000 so‘m, ijtimoiy himoyalash tadbirlariga bandiga 39 401 ming so‘m miqdorda mablag‘ sarflangan.
Jumladan, 2018 yilda “Jamoa shartnomasi” talablarini bajarish uchun o‘rta hisobda bir xodimga (2018 yilda o‘rta hisobda 974 nafar xodim) yil davomida 2 200 ming so‘m miqdorda mablag‘ sarflangan.
“Jamoa shartnomasi” bo‘limlaridagi 178 ta asosiy majburiyatning 176 tasini bajarishga erishilib, ishchi-xodimlarga moddiy yordam, mukofotlash, maxsus kiyim bosh xarid qilish uchun o‘z vaqtida pul mablag‘lari o‘tkazib kelingan. Ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolariga, talabalarga madaniy va sport sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilgan, sport musobaqalari g‘oliblari rag‘batlantirib borilgan, sog‘lomlashtirish maskanlariga o‘rnatilgan tartibda yo‘llanmalar ajratilgan.
Yil davomida kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan madaniy-ma’rifiy va turli madaniyat maskanlarida bo‘lib o‘tgan kontsert dasturlariga chiptalar xarid qilish 90 560 ming so‘m, sport sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun 20 769 600 so‘m, ishchi-xodimlar va kasaba uyushma faollarini taqdirlash uchun 8 361 ming so‘m, moddiy yordam uchun 9 807 ming (28 kishiga) so‘m sarflangan.
Professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlarning 67 nafar farzandlari uchun bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar ajratilgan.
Institut talabalari orasida o‘tkazilgan turli mavzudagi ko‘rik tanlovlar, suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazib kelingan.
Shu bilan bir qatorda “Jamoa shartnomasi” majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘ygan kamchilikllar sababli ikkita majburiyat 4.12., 9.7., bandlarining bajarilmasligiga yo‘l qo‘yilgan.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi
Qaror qiladi:
1. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2018-2020 yillar uchun qabul qilingan “Jamoa shartnomasi” majburiyatlarining 2018 yildagi bajarilishi bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma tasdiqlansin.
2. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2018-2020 yillar uchun qabul qilingan “Jamoa shartnomasi”ga kiritish uchun ishchi guruh tomonidan tavsiya etilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’qullansin (ilova qilinadi).
3. Institut fakulьtetlari va bo‘limlar rahbarlariga kelgusida muassasa xodimlari ijtimoiy-iqtisodiy holatini yanada yaxshilash maqsadida “Jamoa shartnomasi” majburiyatlarini to‘liq bajarish borasida ish olib borish va quyidagi masalalarning o‘z vaqtida echim topishiga alohida e’tibor qaratish vazifasi yuklatilsin:
-jamoa a’zolarining mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlarning sifatini yanada yaxshilash, bu borada amalga oshirib kelinayotgan tadirlarning samaradorligini oshirish;
-jamoa a’zolari, ularning oila a’zolari hamda talabalar orasida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni zamon talablariga moslashtirish, ularning talab va istaklaridan kelib chiqib tadbirlar tashkil etish, namunali madaniy hordiq chiqarishlari uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash chora tadbirlarini ko‘rish;
4. Institut kasaba uyushma qo‘mitasi va uning quyi kasaba uyushma etakchilari hamda faollariga:
– “Jamoa shartnomasi” barcha bandlarining bajarilishini nazorat qilish, shu bilan birgalikda muassasa ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan chora tadbirlarini ko‘rish;
-kasaba va tsex kasaba uyushma qo‘mitalari yig‘ilishlarida muassasada talaba va ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat va maishiy sharoitlarni, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi borasida olib borilayotgan ishlarning yanada yaxshilanishi maqsadida mutasaddi xodimlar hisobotini muhokama etish;
-kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli oilalar, yolg‘iz qariyalar, urush qatnashchilari, pensionerlarga institut ma’muriyati va kasaba uyushmasi tashkiloti tomonidan moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishini nazorat qilish va bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning yuqori saviyada amalga oshirilishga yordam berish.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish institut prorektori D.X. Baratov va kasaba uyushma qo‘mitasi raisi I.A. Xolboevlar zimmasiga yuklatilsin.

Matbuot xizmati.