“Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” Konsepsiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan anjuman

“Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.” Ushbu masala mamlakat rahbarining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonining asosini tashkil etdi. Farmonga ilova shaklida “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” кonsepsiyasi qabul qilindi.
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida o‘tkazilgan ma’rifiy anjumanda “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” konsepsiyasi haqida so‘z yuritildi. Anjumanda huquqiy demokratik jamiyat qurish jarayoni bilan bog‘liq qadriyatlarning mohiyatiga e’tibor qaratildi. Inson huquqlariga rioya etilmasdan sivilizatsiyalashgan jamiyatni yaratib bo‘lmasligi, ma’naviy tiklanish huquqiy madaniyat bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. Yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Baratov o‘z ma’ruzasida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning xususiyatlariga to‘xtaldi. Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili institutini mustahkamlash va umuman, fuqarolarning huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlash jabhasida qonunchilik jadal sur’atlarda rivojlanayotganini alohida qayd etdi.
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Dilshod Baratov anjuman yakunida barchani «Yuksak huquqiy madaniyat — mamlakat taraqqiyoti kafolati» degan g‘oya ostida qabul qilingan konsepsiyani targ‘ib qilishga undadi.