”Yaxshilar atrofida aylan”

  Assalomu alaykum!
Maysalar bosh ko‘tarib, dillarga xushnudlik baxsh etayotgan ayni kunlarda Siz bilan g‘oyibona dillashib turganimizdan behad shodmiz.
Turfa rangda jilolanayotgan ona-tabiat tobora chiroy ochib bormoqda. Bu bahordan, yasharish va yangilanish faslining ilk kunlarida nishonlanadigan nafosat hamda nazokat bayramidan darak.
Yon-atrof mana shunday go‘zallikka burkangan ayni chog‘da opa-singillarimizning ayomini nishonlanishida o‘ziga xos uyg‘unlik bor. Zero, ular latofati, maftunkorligi, oqilaligi va donoligi bilan bahorni eslatadi.
Bayram arafasida jamoamiz ardog‘idagi AYOLLARIMIZ haqida maqolalar berib, Sizni dilingizga g‘urur va quvonch ulashishni ko‘nglimizga tugdik.
Ilk maqolada institutimiz qoshidagi «Mirobod» akademik litseyi o‘qituvchisi Jamila Abdullaevna Samigova haqida so‘z boradi.       

         J.Samigova 45 yillik pedagog. “Biror kasbning boshidan tutib,komillikkka erishishning o’zi bo’lmaydi.Unga eltuvchi pillapoyalarni bosib o’tish uchun insondan sabot,matonat,iroda,mehnat-u zahmat talab etiladi.Ayniqsa, ilm-ma’rifat yo’li igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli,”— deydi Jamila opa yosh mutaxassislarga.

         Bir necha yillar davomida Nizomiy nomli pedagogika universiteti bitiruvchi talabalari bizning akademik litseyimizda sinov amaliyotini o’tadilar. Bu bo’lg’usi o’qituvchilar haftada bir kun, yangi pedtexnologiyalar, ularni darsda qo’llash samarasi bo’yicha Jamila opadan dars olishgan. Bu darslar ular uchun tajribalar darsi bo’lgan.

         Ta’limda moddiy baza, standart,o’quv rejalar,dastur va darsliklar qanchalik takomillashtirilmasin,kutilgan asosiy natijaga erishish, chuqur va puxta bilim berish,yuqori sifatdagi o’zlashtirishga erishish bevosita nazariy va amaliy mashg’ulotlarni olib boruvchi o’qituvchining ijodkorligi, izlanuvchanligi, malakasiga, pedagogik mahoratiga bog’lanib qolaveradi,o’quv-biluv malakasida esa o’quvchi turmog’ini taqozo etadi. Bu Jamila opaning o’qituvchilik kasbiga qo’ygan katta majburiyatidir.

         Aksar hollarda, ularga bebosh, qaysar, o’yinqaroq bolalari ko’p bo’lgan guruhlar berilar edi.Jamila opa rahbarlik qilgan guruhlarda men ona tili,adabiyot darslarini olib borganman.

         So’zda katta qudrat bor. Ular ana shunday xulqi og’ir o’quvchilarni xalqimizning ta’sirchan, oxori to’kilmagan maqol, matallari bilan tarbiyalaganining guvohi bo’lganman. Bu hol har kun, 3 juftlik darsdan keyin Jamila opaning xonasida sodir bo’lar edi. Jamila opaning hech tugamaydigan hayotiy maqol va matallari o’quvchilarni asta-sekin o’zgartira boshlar edi.Bu murabbiyda ota-onalar bilan ishlashning o’ziga xos tizimi bor edi. Har oyda ota-onalar majlisi o’tkazilar edi.Bu majlis,asosan,otalar majlisi bo’lardi. Ba’zi majlislarda otalarining yonlarida farzandlari ham o’tirar edi. Farzandi nechta “5” , “4” , “3” , “2” baho olgani, qaysi fanlardan “2” baho olayotganligi, darslarga necha marotaba kechikkani, qaysi kunlari darsga sababsiz kelmagani birgalikda tahlil qilinardi. Bu jadvalda o’quvchilarning bilimiga qarab o’rni belgilangan, raqamlangan edi. Jamila opa ota-onalar bilan doimiy,  ana shunday muloqotda bo’lgan.

         Bugun Jamila opaning uchirma qushlari hayot degan gulzorda baland parvozlarda:D.Abdullayeva Toshkent harbiy bojxona institutini tamomlab, elning koriga yarayapti.F.Kenjayeva, E.Rustamovlar   temir yo’l tizimida Markaziy Osiyo  xalqlari taraqqiyoti uchun halol xizmat qilmoqdalar. O.Mirsagdiyev Sankt-Peterburg aspiranturasini tamomlab,TTYMI ning” Xalqaro temir yo’l transportida avtomatika va telemexanika” kafedrasida doktorant. F.Bakiyeva  Toshkent moliya instituti , G.Mahmudova  Toshkent xalq xo’jalik instituti bakalavriatida tahsil olishmoqda.

“Bola —loy, o’qituvchi—kulol”  degan hikmatda katta ma’no bor.

Jamila opa litseyni o’z uyi, halovati deb bilgan,o’qituvchilik kasbini tanlaganiga ming bora shukur qilib, bor kuch-g’ayratini o’quvchilarga bag’ishlayotgan pedagog. Har bir darsning tub mohiyatini to’laqonli tushuntirmaguncha ko’ngli joyiga tushmaydi.Birovning yordamiga ham qarab o’tirmaydi.Dars berishning ilg’or, eng zamonaviy va samarali usullarini qo’llaydi.Kompyuter, noutbuk bilan ishlash va ular imkoniyatidan foydalanib saboq berishni kundalik ehtiyojiga aylantirgan murabbiy.

 J.Samigova zamon bilan hamqadam o’qituvchidir.Litseyda o’z sohasi doirasida ko’plab tadbirlar, davra suhbatlari va konferensiyalar tashkilotchisi. Ayniqsa, ularning sayi-harakati bilan tashkil etilgan “Zakovat” o’yini litsey o’quvchilarining sevimli mashg’ulotiga aylangan.Shunungdek, pedagogika fanlari nomzodi Mavluda Mirmaxsudova bilan birgalikda kollej va litsey o’quvchilari uchun mo’ljallangan o’nlab metodik qo’llanmalar yozdi.

J.Samigova 1990 yil  “SSSR maorif a’lochisi”, 2016 yilda davlatimiz tomonidan “O’zbekiston Konstitutsiyasi 25 yil” ko’krak nishoni bilan taqdirlangan.

         Xalqimizda “Ustozning duosini olgin, kam bo’lmaysan” degan hikmatli so’z bor.

         Amir Temur: vafot qilsam ,meni ustozimning oyoq uchiga qo’yinglar deb vasiyat qilgan ekanlar.Buyuk insonlar ustozlarini ana shunday ardoqlaganlar.Alisher Navoiy o’z iltimosiga ko’ra Hirotdagi mashhur Xo’ja Abdulla Ansoriy xonaqohiga jozubkash (ya’ni supuruvchi) qilib tayinlangan ekan.Ustozlariga atab “Nizomiya”,”Xusraviya”,”Ixlosiya” madrasalarini qurdirgan.  Bu — Nizomiy Ganjaviydek, Xusrav Dehlaviydek insonlarga Ixlos qiling  degani, etagidan mahkam ushlang degani! A.Navoiyning ustozi Jomiy ham shahar tashqarisidagi Sa’diddin Koshg’ariy mozori yonida o’ziga joy qilib o’sha yerda ijod qilgan, ustozlari haqqiga erta-yu kech duo qilganlar.

         “Mahbub-ul-qulub asarida Alisher Navoiy yozadilar:”Yaxshilik qila olmasang, yomonlik ham qilma. Yaxshilikni yomonlikdan, yaxshiroq deb bilsang,yaxshilarga qo’shil, yaxshilik atrofida aylana olmasang, yaxshilar atrofida aylan”…

Aziz o’quvchi. Vaqt g’animat! Shoshiling!

                                                                                                                      f.f.n. O.R.Iskandarova