Mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirishdagi hamkorlik

Jahon transport-kommunikatsiyalar tizimi rivojlanib, xalqaro transport koridorlari o‘rtasida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda xo‘jalik yurituvchilar ko‘rsatayotgan xizmatlarining sifatini oshirish va tannarxini pasaytirish maqsadida yanada takomillashgan texnologiyalardan foydalanishga doimo e’tibor qaratib kelmoqda. Shu bois, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida yangilanayotgan texnik talablar va iqtisodiyotini rivojlantirishga doir strategik vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qodir malakali kadrlarni tayyorlash masalasi asosiy maqsadga aylandi.
O‘tayotgan xaftada Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining bir qator kafedralari tomonidan mutaxassislar va ishlab chiqarish korxona rahbarlari ishtirokida ochiq ma’ruzalar tashkil etildi.
Dastlab «Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyatining “Sun’iy inshootlar” bo‘limi bosh muhandisi S.N. Djumabaev ishtirokida “Loyihalarni amaliyotga tadbiq etishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati” mavzusida ochiq ma’ruza tashkil etdi. Tadbirda hozirgi kunda Toshkent shahrida qurilayotgan er usti metropoliteni hamda Yunusobod metro liniyasining loyihalash ishlari haqida so‘z bordi. Ma’ruzachi S.Djumabaev, xalq farovonligi yo‘lidagi ushbu loyihalar ijrosi Prezident nazoratida turganligi va loyihalarni amalga oshirishda yosh mutahassislarni faolligi haqida so‘z yuritdi.

Navbatdagi uslubiy tadbirni “Temir yo‘l transportida avtomatika, telemexanika va telekommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashkil etdi. Ochiq ma’ruzaga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining «Signallashtirish va aloqa» boshqarmasi bosh muhandisi M.O‘.Akbarov taklif qilindi.


Ochiq ma’ruzada “Signallashtirish va aloqa” boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan diversifikatsiya siyosati, mehnat unumdorli va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Ochiq ma’ruzalarda institut prorektorlarining moderator sifatidagi ishtiroki kuzatildi.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov