Minnatdorchilik nomasi

Ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi – ONALARIMIZ mehnatining davomchilari sanalgan 400 dan ortiq qizlarimiz “temiryo‘lchi” kasbini egallashga azmu shijoat bilan kirishganlar. O‘qituvchi sifatida ham institutimiz qizlarining qat’iyatiga ayrim vaqtda tassanolar o‘qiyman. Qizlarimizning ilmga mehri va sarishtaligi sabab, institut rahbariyatining ham qizlarga g‘amxo‘rligi o‘zgacha.
Toshkent temir yo’l muhandislari institutida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, jamoamizning faol a’zosiga aylantirish maqsadida uzluksiz ishlar olib borilmoqda. Institut Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nodira Xodjaeva rahbarligida qizlarning salomatligini mustahkamlash, qobiliyat va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, olima qizlarimiz uchun sharoitlar yaratish maqsadida manzilli dasturlar qabul qilingan.
Haftaning har shanba kuni institut psixologi Ra’no Baratova qizlar turar joyiga tashrif buyurib, suxbatlar uyushtiradi. Xaftaning har juma kuni “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi Muxabbat Qurbonova rahbarligida “Bilimli qizlar” to‘garagi faoliyat yuritmoqda.
Talaba-qizlar institutda o‘tkazilayotgan tadbirlar, sport musobaqalari, ilm bellashuvlarida etakchi. Qizlarimiz orasida Davlat mukofotlari sohiblari, Prezident va tarmoq stipendiatlarining ko‘pligi barchamizga quvonch ulashadi.
Institutning alohida binosi qizlarimizga turar joy sifatida berilganligi qizlarimizning ota-onalariga xotirjamlik ulashadi. Bu binoda ayni kunlarda 139 nafar talaba-qizlar yashab, ta’lim olmoqdalar. Qizlarimizning tinchligi “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkilotining azamat yigitlari tomonidan qo‘riqlanishi ham akalarcha g‘amxo‘rlikning belgisi sifatida qabul qilmoqdamiz.
Institut Yoshlar bilan ishlash prorektori Dilshod Baratovning doimiy tashrifi, Xotin-qizlar qo‘mitasining fakultetlar etakchilarining turli xil tadbirlari talabalik hayotini quvonarli o‘tishiga xizmat qilib kelmoqda.
Misol tariqasida, kuni kecha o’zbek she’riyatining porloq yulduzi, vafo va sadoqat timsoliga aylangan shoira Zulfiyaxonim tavalludining 104 yilligiga bag’ishlab «El ardoqlagan shoira» nomli adabiy-badiiy kecha bo’lib o‘tganligini aytishimiz mumkin. Anjumanda Zulfiya ijodidan namunalar hamda temiryo‘lchi qizlarimizning she’rlari yangradi. Bahorni tarannum etuvchi qo‘shiqlar aytildi. Raqslarni sahnalashtirgan Shohsanam Shodijonova xizmatlari ham ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi.
Mehrli insonlarning barcha-barchasiga tashakkur aytib, kelayotgan bahoriy bayramlar bilan barchani qutlab qolamiz.

Talabalar turar joyi qizlari nomidan
tarbiyachi-pedagog Gulsanam Tilavbaeyva