O‘zbekiston-2030: temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlantirish istiqbollari

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamkorligida 29 yanvar kuni “Temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlantirish istiqbollari” mavzusida forsayt usulida davra suhbati tashkil etildi.  Anjuman ishini Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Anvar Adilxo‘jaev kirish so’zi bilan ochib berdi. U o‘z so’zida O‘zbekiston temir yo‘llarining innovatsion rivojlanish istiqbollari yetishib kelayotgan avlodning malakasiga, ularning bilim ko‘nikmasiga chambarchas bog‘liqligi, tizimga innovatsion texnologiyalarni tadbiq etishning muhim iqtisodiy va ijtimoyi ahamiyati xaqida fikr yuritdi.

Tadbirnir birinchi qismida Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov “2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi” xususida batafsil ma’lumot berdi. So‘ngra Innovatsion rivojlanish vazirligi eksperti Odiljon Abdurazzakov Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining talabalariga temir yo‘l sohasida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni dunyo bozoriga olib chiqish yo‘llari haqida tavsiyalar berdi. U jahon miqyosida talabalar tarafidan yaratilgan innovatsion startaplarning muvaffaqiyatlari haqida gapirib, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida innovatsion ekotizimni yaratish bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbirning ikkinchi qismida Innovatsion rivojlanish vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati vakillari hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti professor-o‘qituvchi hay’ati ishtirokida 2030 yilgacha O‘zbekistonda temir yo‘l sohasini innovatsion rivojlanish istiqbollarini muhokama etdilar.
Forsayt usulida o‘tkazilgan ushbu tadbirda ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, sohadagi muammolar muhokama qilindi.
Institut laboratoriyalarining mavjud holati muhokama etilarkan, bugungi kunda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 3 ta ilmiy laboratoriya  va 51 ta o‘quv laboratoriya faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Ushbu laboratoriyalar bor imkoniyati bilan ishlashi uchun laboratoriya xodimlari xorijdagi yetakchi ilmiy-tekshirish muassasalarida yoki ishlab chiqarish korxonalarining ilmiy laboratoriyalarida stajirovkadan o‘tishlari, laboratoriyaning o‘zi esa akkreditatsiyadan o‘tkazilishi lozimligi aytildi. O‘z navbatida bugungi kungacha institutning 481 nafar talabasi Rossiyaning yetakchi OTMlarida bakalavr, magistr va doktorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishga jo‘natilgan bo‘lib, ulardan 248 nafari o‘qishni muvaffaqiyatli bitirib qaytgan. Rossiyada bilim olib kelganlarning 30 nafarga yaqini temir yo‘l sohasida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, qolganlari respublikamizning qator boshqa tashkilotlarida ishlab, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shib kelmoqdalar.
Navbatdagi muhim vazifa sifatida, innovatsion va ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma faoliyatini faollashtirish masalasi ham o‘rtaga tashlandi. Respublikamizdagi yirik tashkilotlarning, ilmiy tadqiqot muassasalarining laboratoriya xodimlari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, zamonaviy talablarga javob beradigan ishchi-xodimlarni (xususan, eng so‘nggi rusumlardagi uskunalar va yangicha uslublarni qo‘llay biladigan chilangarlarni) tayyorlashga ehtiyoj borligiga urg‘u berildi.
Temir yo‘llardagi muammolarning ilmiy-tadqiqot institutlariga tez va to‘liq yetib kelishini ta’minlaydigan tizimni yaratish, bevosita ishlab chiqarishda faoliyat yuritayotgan xodimlarni ilmiy-tekshirish laboratoriyalariga jalb qilish sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Chuningdek, institut o‘qituvchilari va laboratoriya xodimlarini ishlab chiqarishga grafik asosida borib, tajriba almashishlari ijobiy natijalarga olib keladi. Ta’kidlash joizki, 2018 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tomonidan yaratilgan 18 ta ilmiy ishlanma ishlab chiqarishga joriy etildi, tadqiqotlarni yanada takomillashtirish orqali esa bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirishga erishilishi kutilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamkorligida talabalarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash maqsadida innovatsiya markaz/akseleratorni tashkil etish taklifi berildi. Innovatsiya markazi xalqaro grantlar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mablag‘lari, mahalliy grantlar va ishlanmalarni tijoratlashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilishi mumkinligiga kelishildi.

Matbuot xizmati