Xorij professorining institutga tashrifi samarali bo‘ldi

Mamlakatimizda taraqqiyotining bosh omili sifatida ta’lim tizimini rivojlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ- 2909- son qarorida har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi etakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari sifatida belgilandi.
Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash va xalqaro transport infratuzilmasining taraqqiyoti xususidagi qo‘shni davlatlar olimlarining fikrlarini tinglash maqsadida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga M.Tinishpaev nomidagi Qozog‘iston transport va kommunikatsiyalar akademiyasi professori, texnika fanlari doktori Saule Bekjanova taklif etildi. Professor Saule Bekjanova Tashishlarni tashkil etish va transport logistikasi, Xizmat kursatish texnikasi va tenologiyasi ta’lim yo‘nalishlarining bakalavriat bitiruvchilariga va Temir yo‘ldan foydalanish va temir yo‘l xo‘jaligi ta’lim yo‘nalishi magistrantlariga “Logistika xizmatlarini takomillashtirish va xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirishda raqamli iqtisodiyotning ahamiyati” kabi bir qator mavzularda ma’ruzalar o‘qidi.
• O‘quv jarayoniga ishlab chiqarish mutaxassislari, amaliyotchilar ham taklif etildi. Professor S.Bekjanova tinglovchisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Logistika, yuk va tijorat ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi Nurillo Axmedov ma’ruzaning ahamiyatiga to‘xtalib, temir yo‘l tizimida raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishida xorij olimlarining ilmiy qarashlari va tajribalari bilan o’rtoqlashish zarurligini qayd etdi.
Institut rektori M.Rasulov professor Saule Bekjanovaga ilmiy hamkorlik va mazmunli ma’ruzalar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Matbuot xizmati