Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligi va taraqqiyotining asoschisi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida Islom Karimovning hayoti, serqirra faoliyati haqida yoshlarni xabardor qilish,  Birinchi Prezidentning nomi va amalga oshirgan buyuk ishlarini xotirlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda “Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligi va taraqqiyotining asoschisi” mavzusida ma’rifiy anjuman tashkil qilindi. Anjuman ishida Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Islom Karimovning mashaqqatli umr yo‘li, uzoq yillar rahbarlik faoliyatini yodga oldilar. Uning Vatanimiz oldidagi fidoyi mehnatlarini, eng og‘ir damlarda ham farzandlik burchini munosib ado etganini, xalqimizning orzu-umidlari va ertangi kuni uchun yashagan chin o‘zbek farzandi bo‘lgani ta’kidladilar.

Anjuman ishini olib borgan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Marufjon Rasulov institut talabalarining Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab yaratgan asarlarini Tatyana Karimovaga topshirar ekan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g‘oyani Islom Karimov yoshlarimiz qalbiga singdirib ketganligini e’tirof etdi.