Barcha raqsga

Barcha raqsga … Bu mashhur iborani eshitishimiz bilan yuzimizda tabassum yuguradi. Afsuski yangi yilning ilk kunlarida kulgu ulashish maqsadida emas, balki institutning tayanch tizimi – murabbiylik faoliyati hususida fikrlagim keldi. Uzr…

Institutda 8-9 yanvar kunlari “murabbiylik faoliyatini takomillashtirish”ga bag‘ishlangan o‘quv-seminari tashkil etildi. Institut rahbariyati tomonidan seminarning asosiy maqsadi ham bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3151 sonli qarorining ijrosini sifatli ta’minlanishini nazorat qilish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab olish. Bu to‘g‘ri maqsad edi. Sababi mazkur qaror orqali 2017\2018 o‘quv yilidan murabbiylarga oylik maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama haq to‘lanishi ta’minlandi. Demak murabbiylar faoliyatini baholashda dastlab ushbu qarorga e’tibor qaratish zarur. Qarorda ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirishga, talabalarning kasbiy kompetentligi bilan insoniy fazilatlarini uyg‘unlashtirishga urg‘u berildi. Prezident yuqorida keltirilgan maqsadlarni amalga oshirishga ko‘mak berayotgan murabbiylarga ustama haq to‘lanishini kafolatlangandi.

Amaldachi… Amalda institut murabbiylari ijrochilik (protoklashtirish) bilan band yoki sinovdan o‘tgan tadbirlarni davom ettirmoqdalar. Masalan, talabalardan 2-3 kilogramm shirinlikga mablag‘ yig‘ilsa, hech ikkilanmay etim bolalarni ko‘rgani jo‘naydi. Agar talabada yuksak axloqiy sifatlarni tarbiyalash maqsadi, ishlab chiqarish va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirishga ko‘mak berish istagi bo‘lsa nega qarilik nafaqasida o‘tirgan yuzlab professor-o‘qituvchilarimizni holidan xabar olishga e’tibor qaratmaydilar. Tarixiy tajriba va boy ilmiy merosga ega bo‘lgan ustozlarimizni institutga taklif qilishga nega qunt qilmaymiz. Vaholanki institut rektorining yangi yil tabrigida ham institut sharafini o‘z elkalarida ko‘tarib kelgan ilm fidoyilarining faoliyatini eslash uqtirilgandi.

Navbatdagi tadbir… Shahardagi biror monumentni topib (ayrim hollarda talaba bu monumentni kim ekanligini bilmaydi ham, ijodi bilan tanish ham emas), poyiga gul qo‘yishni afzal bilamiz. Aslida shu e’tiborni hamkasbimizga beraylik. O‘quv yili davomida hamkasblarimiz tomonidan yuzlab o‘quv va uslubiy adabiyotlar yaratiladi. Ilm ahli sanalgan murabbiylarimiz o‘z guruhida hamkasbi yaratgan darslik taqdimotini o‘tkazishsa, talabalarni ilmiy adabiyotlar bilan do‘st tutinishga ko‘mak bersa qanday yaxshi. Agar biz hamkasbimizning kitob yozish mashaqqatini gul bilan taqdirlasak! Oooo…

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Murabbiylar haqida”gi Nizomning 1.1 bandidan 1.9 bandiga qadar murabbiylarning vazifalari aniq belgilab berilgan. Bu vazifalarning aksariyati talabaning o‘quv, ilmiy, ijtimoiy faoliyatini oshirishga, ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirishga qaratish kerakligi uqtirilgan. Shuningdek, Nizomda murabbiylik guruhining barcha darslariga o‘qituvchi va kafedra mudiri bilan kelishilgan holda kirish huquqi berilgan. Agar murabbiy oyda bir marotaba professor-o‘qituvchilar darslariga qatnashishni amalga oshirganlarida… ehhe… Institutimizda qanday xodisa bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring.

Gohida semestr yakunida o‘qituvchini “adolatli baholamayotganligi” haqidagi fikrlar o‘rmalab qoladi. Lekin qay birimiz semestr davomida oraliq nazorat natijalari xususidagi ma’lumotni fan o‘qituvchisidan talab qilib, murabbiylik soatlarida muhokama qildik. Lozim bo‘lganida fan o‘qituvchisini shu muhokamaga chaqirishimiz ham mumkin ediku.

O‘tkazilgan o‘quv-seminariga qaytsak… katta maqsadlar bilan boshlangan anjuman, ayrim fakultetlarda mayda gaplar bilan yakunlandi. Masalan ayrim murabbiylar institut ma’naviyat va ma’rifat bo‘limiga e’tirozlar bildirdi. Aslida bu e’tirozlar mutloq noo‘rin bo’lsada, tanqid ham kerak.

Baribir dastlabki seminar murabbiylarni o‘quv yilining o‘rtasida faollashishga xizmat qildi. Ilk o‘tkazilgan seminarda murabbiylar bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerakligini amalda isbotlab berdi. Seminarda prorektor Dilshod Baratovning tahliliy taqdimoti kelgusi semestr uchun ustama haq belgilash oldidan murabbiylar faoliyati rahbariyat e’tiboridan chetda emasligi haqidagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida qabul qilindi.

Aytsak mulohazalar juda ko‘p. Maqolani yozish jarayonida uzoq o‘yladim va ko‘p maslahatlashdim. Chunki yillar davomida tekin ishlagan murabbiylarga iqtisodiy manfaatdorlik paydo bo‘lishi bilan vazifalar qopini yuklab qo‘yishdan, hamkasblarimning ranjishidan xijolat bo‘ldim.

Aslida tizimni mukammal ishlashidan barcha birday manfaatdor. Ayniqsa institut va fakultet rahbariyati murabbiylik tizimini muvaffaqiyatli faoliyati uchun barcha dastaklardan foydalanishi shart. Bu borada 2018 yilda “eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasining dastlabki g‘oliblarini aniqlanganligi ham bejiz emas.

Xulosa… Nazarimda murabbiy o‘quv jarayonida ko‘prik vazifasini bajarishi shart. Murabbiy o’z faoliyatiga faqat kreativ yondashish, sinchkovlik va sezgirlik bilan vaziyatlarni xal qilish davri eytib keldi. Murabbiyni institut hududida qiladigan ishlari ham etarlicha.  Institutdan tashqaridagi tadbirlarda fakultet kengashlarining faolligi zarur. 2018 yilda fakultetlarning teatrlarga oyda bir marotaba tashrifi yo‘lga qo‘yilgani kabi manzilli va tizimli tadbirlarni tashkil etish maqsadga muvofiq.

Darvoqe, sarlavha yodimdan ko‘tarilibdi. BARCHA RAQSGA… Aslida inson ulg‘aygan sari maqsadlari ham yangilanib boraveradi. Birinchi kursdagi tilaklarimiz va tadbirlarimiz aksariyati to‘rtinchi kursda o‘zini oqlamaydi. Shu sabab hammani birday raqsga tushishi mumkin emas. Bugungi kun inson tarbiyasida ijodiy va induviduail munosabatni talab qilmoqda.

O‘zbek ertaklaridagi “yo‘l yursa ham, mo‘l yuribdi” degan jumla ertaklarga xosligini anglab eytdim. Maqsadsiz harakat! Umrning ham poyoni bor. Institutni tamomlayotgan guruh o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga eytgan bo‘lishi shart. Guruhning muddaosini esa murabbiyning dunyoqarashi belgilaydi.

Institut matbuot xizmati