Institut rektori Ma’rufjon Xalikovich Rasulovning yangi yil tabrigi

Vaqt odimlab, barchamizni yillar chegarasiga yaqinlashtirmoqda. Biz uchun 2018 yil omadli keldi. Ilmiy izlanishlarimiz, xalqaro hamkorligimiz, ta’lim salohiyatimiz navbatdagi marralarni bosib o‘tdi. Tugallanayotgan yil bilan mamlakatimizdagi eng yaxshi oliy ta’lim dargohlaridan biri sifatida xayrlashmoqdamiz. Men institutimiz sifat darajasini ko‘tarishga ko‘maklashgan barcha-barchaga “rahmat” aytaman.

Biz yashayotgan ayni kunlarni darhaqiqat oddiy davr deb bo‘lmaydi. Jarayonlar rivoji har birimizga Vatan va xalqimiz oldida mas’uliyat yukladi. Harakatlar taraqqiyoti institutimizni dunyo ta’lim xamjamiyatidagi o‘rnini chuqurroq anglashga majburlamoqda. Ushbu mas’uliyatli davr ilmiy-ma’rifiy sohaga innovatsiyalarni joriy etishga, etakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga, xorij olimlarini ta’lim jarayoniga jalb etishga da’vat etmoqda. Kirib kelayotgan yilda yangilanayotgan ta’limning serqirra vazifalarini ham birgalikda engib o‘tishga ishonaman.

Institut ilm targ‘iboti bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Har bir temiryo‘lchi faoliyatida ilmiy dunyoqarash muhim o‘rin egallashi uchun harakat qilmoqdamiz. Keng miqyosdagi ma’rifiy faoliyat institut tarixi davomidagi taraqqiyot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib keldi. Bugungi kunda ilmga bo‘lgan katta ijtimoiy talabning vujudga kelganligi ham bejiz emas.

Rektor sifatida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga – yurtimizdagi eng ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida qaralayotganligi meni quvontiradi. Yutuqlarimiz kaliti iqtidorli yoshlarimiz qo‘lida. Talabalarimizning yuqori intellektual salohiyati va g‘alabaga bo‘lgan intilishlari davlat stipendiatlari, olimpiada va tanlov g‘oliblari saflarining kengayishiga xizmat qilmoqda. Iste’dodli yoshlarimiz bilan fahrlanaman va ularning yorqin kelajagiga ishonaman.
Institut sharafini o‘z elkalarida salkam 90 yil davomida ko‘tarib kelgan ilm fidoyilarining xizmatlarini ayni damlarda eslashni joiz deb topdim. Yillar davomida erishgan yutuq va shakllangan an’analarimiz – eng muhim boyligimizdir. Uni asrash va yuksak maqsadlar yo‘lida yanada boyitish kirib kelayotgan 2019 yilda asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qolishi kerak.

Qadrli do‘stlar! Yangi yil tantanalarida men Sizlarning har biringizga sog‘liq-salomatlik, ijodiy g‘oyalaringizga rivoj va oilaviy baxt tilayman!