Oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani ta’minlash – davr talabi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2909-sonli va “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3151-sonli Qarorlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida   “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 9 avgustidagi boshqaruv majlisining 94-sonli majlis bayoniga ko‘ra Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining bir guruh malakali professor-o‘qituvchilari N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetiga 2018 yilning noyabr oyi davomida  malaka oshirishga yuborildi.

Institut professor-o‘qituvchilari “Oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik xodimini kasbiy faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirib, universitet tarixi,  o‘quv, ilmiy va innovatsion faoliyati, ta’lim jarayoni yaqindan o‘rgandi (1-2-rasmlar).

1-rasm. Malaka oshirish tinglovchilari  (S.S.Shaumarov, V.M.Tsoy)

2-rasm. S.S.Shaumarov,  kafedra professori Yu.V.Grigorev  va uning aspiranti

Bugungi kunda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti Moskva shaxridagi oliy ta’lim muassasalari o’rtasida 3chi, Rossiyada 5chi va “QS World University” jahon reytingida 291 o‘rinni egalaydi. Ushbu oliy ta’lim dargohida  17 fakultet, 132 kafedra, 10 talabalar turar joylari, 3 filiali mavjud. Maydoni 350000m2 ega bo‘lgan 20ta o‘quv korpuslarida (3-4-rasmlar) 100dan ortiq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olib boriladi.

Universitetda o‘quv jarayonida 3000 ortiq yuqori malakali professor-o‘qituvchilar ishtirok etadilar. Jumladan 600 fan doktorlari va 1700  fan nomzodlari sanaladi.

3-rasm. Universitet bosh korpusi

4-rasm. O‘quv-laboratoriya korpusi

Universitet qoshida xalqaro talablarga javob beradigan 14 ilmiy markaz, 8 ta o‘quv-ilmiy komplekslar faoliyat ko‘rsatadi. Umumiy miqdorda 5 mlrd rubl teng bo‘lgan shartnomlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi (5-rasm). Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya universitetlari orasida  peshqadam hisoblanadi.

Jahondagi 100dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalariga ega bo‘lgan universitetda, 71 davlatning 1000dan ortiq horijiy talabalari taxsil olmoqda. Har yili 4000 dan ortiq talaba bu universitetda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladi.

187 yillik tarixiy an’analarga ega bo‘lgan bu ta’lim dargohida 200000dan ortiq yuqori malakali kadrlar etishib chiqqan bo‘lib, 2018 yilda 273 nafar talaba Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va hukumat tomonidan belgilangan turli nomdor stependiyalar sohibiga aylangan.


5-rasm. Universitet ilmiy markazlari va o‘quv-ilmiy komplekslardagi faoliyat

Universitet bitiruvchilari ishlab chiqarish bozorida eng katta talabga ega bo‘lgan kadrlardan hisoblanadi. Bitiruvchilari yuqori maosh oluvchi ishlarga joylashish bo‘yicha tuzilgan Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education (THE)” xalqaro reytingida 147 o‘rinni egallaydi.

Universitetning erishgan yuqori ko‘rsatkichlariga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:

Birinchidan, universitetda ta’lim jarayoni – ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida uzilishlar yo‘q, ularning o‘zaro integratsiyasi yuqori darajada. Sababi universitetda «mail.ru group»,  «skolkovo», «Rostex», «Rosmash» kabi 200dan ortiq  yirik konsern va korporatsiyalar bilan yaqindan hamkorlik asosida kadrlar chiqariladi.

Ikkinchidan, gigant konsern va korporatsiyalar universitetda o‘z innovatsion markazlarini ochgan bo‘lib, iqtidorli va a’lochi talabalar 2 va 3 bosqichning o‘zidayoq u yerda ishlashlari mumkin. Bu esa talabalarga o‘qitilayotgan materiallarni izchillik bilan to‘la o‘zlashtirib olish, olgan bilimlarini amaliyotga tadbiq etishlari uchun katta imkoniyatlar yaratadi. O‘z soxasini amaliy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lish va  yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatini beradi. Talabalar esa universitetni bitirib emas,  balki o‘quv jarayonning o‘zida nufuzli tashkilotlarda ish bilan ta’minlanadi.

Uchinchidan, universitet qoshidagi «mail.ru group» innovatsion markazi (6-rasm) o‘z xodimlari hisoblangan talabalarga o‘quv bo‘limi bilan kelishgan xolda yangi ilm-fan yutuqlaridan kelib chiqqan xolda dolzarb bo‘lgan  o‘quv kurslarini qo‘shimcha tarzda operativ ravishda o‘qitadi. Bu esa o‘quv rejasini har yili o‘zgartirmasdan, faqatgina haqiqatdan kerak bo‘lgan qisqa soatli o‘quv kurslarini aniq belgilangan guruhlarga o‘qitish imkoniyatini yaratadi.


6-rasm. Universitet qoshidagi  «mail.ru group» innovatsion markaz ko‘rinishi

To‘rtinchidan, ta’lim jarayoniga  ishlab chiqarish tashkilotlaridan yuqori  malakali mutaxassislarni jalb etish ko‘lami yuqori darajada.

Beshinchidan, universitetda olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlari iqtisodiyot tarmoqlari (soxalari)ning ilmiy-texnik muammolarini echishga qaratilib, eksperimental tadqiqotlar  zamonaviy laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalari yordamida  o‘zaro shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Demak, uzviy ravishda o‘zaro hamkorlikda olib borilgan “oliy ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish” tizimi natijasida  etishib chiqqan mutaxassislar –  jahon bozorida raqobatbardosh  va o‘z sohasida yuksak marralarni zabt etishga qodir bo‘ladi.

Yakunida ta’kidlash joizki, “Oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik xodimini kasbiy faoliyati (Materiallar qarshiligi)” yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli malaka oshirish natijasida  registratsiya raqami 04.08-43-03/4787 bo‘lgan   №180001612958-sonli Guvohnomasi olindi.

Universitetning “Materiallar qarshiligi” kafedrasining o‘quv va innovatsion laboratoriyasida olib borilayotgan faoliyat bilan yaqindan tanishildi. Ushbu kafedraning yuqori malakali  professor-o‘qituvchilari tomonidan kafedrada o‘qitiladigan fanlardan zamon talablariga javob beradigan o‘quv uslubiy majmualar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar ToshTYMIning  o‘quv jarayonida qo‘llash uchun taqdim etildi.

7-rasm. “Amaliy mexanika” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi

N.E.Bauman nomidagi MDTUning  “Amaliy mexanika” laboratoriyasi mudiri Andrey Rednikin bilan istiqbolda ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida tadqiqot ishlarini olib borish, kafedrada mavjud o‘quv-uslubiy va laboratoriyalarni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar, o‘quv va ilmiy adabiyotlar, hamda  professor V.A.Svetlitskiy nomidagi Birlashgan kafedra onlayn kutubxona bazasidan foydalanish bo‘yicha ijobiy natijaga erishildi.

Shuningdek, N.E.Bauman nomidagi MDTU qoshidagi malaka oshirish o‘quv markazi rahbari Andrey Klenin bilan kelgusida ToshTYMIning bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun iqtisodiyot tarmoqlari (soxalari)ning ilmiy-texnik muammolarini echishga qaratilgan zamonaviy fanlarni universitetning yuqori malkali professor-o‘qituvchilari tomonidan kelib o‘qitish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borildi va kelishuvlarga erishildi.

Universitetning  xalqaro aloqalar bo‘yicha  prorektori  Mixail Kuznetsov  va xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dmitriy Drobshev bilan kelgusida malaka oshirish kurslariga yanada ko‘proq professor-o‘qituvchilarni jalb etish, hamkorlikda va hammualliflikda  zamonaviy talablarga javob beradigan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, uslubiy ko‘rsatmalarni chop ettirish bo‘yicha kelishildi.

N.E.Bauman nomidagi MDTU bilan ilmiy tadqiqot yo‘nalishi bo‘yicha hammualliflikda monografiya va impakt faktori yuqori bo‘lgan jurnallarda ilmiy maqolalar chop ettirish kabi o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlandi. Bu borada ushbu universitet ilmiy-tadqiqot bazasi, innovatsion markaz va yangi zamonaviy asbob-uskunlar bilan jihozlangan laboratoriyalardan foydalangan holda ToshTYMIdan aspirantura va doktoranturaga o‘qishga yuborish bo‘yicha ham ijobiy natijaga erishildi.

Shaumarov Said Sanatovich
“Magistratura” bo‘limi boshlig‘i, t.f.n., dotsent