“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – munosib mehnatning huquqiy kafolati” targ‘ibot loyihasi

Institut faollar zalida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, kasaba uyushmalarining faoliyati haqida talaba yoshlarga chuqur bilim berish, talaba yoshlarni kasaba uyushmalari a’zoligiga jalb etish va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashining 2018 yil 5 noyabrdagi №11-27-“s”–sonli Rayosat qarorining ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Dilshod Baratov tadbirni ochdi va yurtimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi bilan tabrikladi. Institut kasaba uyushma qo‘mitasining ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy-ma’naviy, mehnat muhofazasi va munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirib kelayotgan faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi Rahmatilla Karabaev O‘zbekiston kasaba uyushmalarining bugungi kundagi ustuvor vazifalari, kasaba uyushmalari tizimining boshqaruvi, kelgusidagi maqsad va rejalari, kasaba uyushmalari a’zolari uchun yaratilishi mo‘ljallanayotgan imtiyozlar, ishchi-xodimlarning mehnat huquqi bo‘yicha o‘zgarishlar, kasaba uyushmalarida yosh mutaxassislarning faolligini oshirish, ularning iqtidorini namoyish etish masalalari va kasaba uyushmalarining xalqaro hamkorlik aloqalari haqida to‘xtaldi.
O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari Respublika Kengashi rais o‘rinbosari Mahmud Rozimetov tadbir ishtirokchilariga tarmoq kasaba uyushmalarining umumiy faoliyati, kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lishning afzalliklari, “Jamoa shartnoma”lari orqali xodimlarga beriladigan imtiyozlar, mehnat qonunchiligida yoshlar uchun beriladigan imtiyoz va kafolatlar, korxonada xodimlar mehnat qilishi uchun xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilishi, kasaba uyushmalarining xodimlar va ularning oila a’zolari uchun tashkil etib kelinayotgan ma’naviy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Institut kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ilyos Xolboyev institut kasaba uyushma qo‘mitasining umumiy faoliyati, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalar orasida amalga oshirib kelayotgan ma’naviy-ma’rifiy, sport sog‘lomlashtirish tadbirlari, xavfsiz va namunali mehnat sharoitlarini yaratib berish borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlar haqida to‘xtaldi. Kasaba uyushma qo‘mitasining faoliyatni olib borishda ish beruvchi bilan hamohang ravishda, bahamjihatlikda mehnat qilib ishchi-xizmatchilar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar xususida alohida gapirdi.
Tadbirda mehnat qonunchiligi va kasaba uyushmalarining faoliyati haqida tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan viktorina savollariga to‘g‘ri javob bergan talabalarga kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan badiiy kitoblar esdalik sovg‘asi sifatida topshirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchi va ma’ruzachilar orasida o‘zaro munozara va fikr almashish bo‘lib o‘tdi. Kasaba uyushma faoliyati haqida ishtirokchi talabalar tomonidan berilgan savollarga tadbir ma’ruzachilari javob berdilar.

Matbuot xizmati