Chuqur bilim faqat mustaqil o‘qish yo‘li bilangina orttiriladi

Bugun temir yo‘l tizimi qurilish industriyasida ijobiy ma’noda  “portlash effekti” kuzatilmoqda. Tizimda arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Institut Qurilish fakulteti qurilish sohasining barcha yo‘nalishlariga malakali kadrlar tayyorlab berayotgan etakchi fakultetlardan sanaladi. 2018/2019 o‘quv yilida fakultetga 5 ta ta’lim yo‘nalishida bakalavriat bosqichiga 346 nafar talaba qabul qilindi.

27 noyabr kuni institut rektori Ma’rufdjan Xalikovich Rasulov  fakultetning birinchi kurs talabalari bilan uchrashdi.

Dastavval, yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining ayni kunlardagi modernizatsiya va diversifikatsiyalashtirish jarayonlari aks etgan hujjatli film havola etildi.

Taqdimotdan so‘ng, institut rektori M.Rasulov yurtimizning intellektual salohiyatli yoshlar bilan uchrashayotganligidan mamnunligini bildirdi. Fakultet talabalarining yutuqlariga to‘xtalib, fan olimpiadalarining g‘oliblari va turli ta’lim tanlovlarida faol ishtirok etayotganli quvonarli hol ekanligi qayd etdi.

Rektor M.Rasulov, shuningdek, talabalar faoliyatidan qoniqmayotgan jihatlarga ham to‘xtaldi. Institut  yoshlarining mustaqil ta’limga jiddiy e’tibor qaratmayotganligini tanqid qildi. U o‘z so‘zida, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va talabalarning bu imkoniyatlardan foydalanish darajasini “kutubxon formulyari”ning xarakati bilan bog‘lashini aytib o‘tdi. Aslida yurtimizda mustaqil ta’limga rag‘batlantiruvchi omillar ko‘pligini misollarda tushuntirib, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti – xorijda ta’limni davom ettirish imkoniyati respublikadagi eng yuqori ta’lim muassasi ekanligini ta’kidladi. Ayni vaqtda 235 nafar talaba va ilmiy tadqiqotchilarimiz Rossiya Federatsiyasining etakchi ta’lim muassasalarida ta’limni davom ettirayotganligini ma’lum qildi.

Aynan uchrashuv sanasini shu kunlarga belgilanganligini talabalarining dastlabki nazorat natijalarini kutganligi bilan izohladi. Guruhlar kesimida har bir talabaning o‘zlashtirish darajasi va davomatiga e’tibor qaratib, o‘zlashtirish va davomati past bo‘lgan talabalardan salbiy natijalar yuzasidan izohlar so‘radi.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fakultet rahbariyatiga ko‘rsatmalar berdi. O‘quv laboratoriyalariga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi borasida fakultet bitiruvchilari bilan uchrashuvlar uyushtirish zarurligini, jumladan, hech kechiktirmasdan O‘zbekiston qahramoni Erkin Ummatov kabi temir yo‘l fidoyilari bilan davra suxbatlari tashkil etish kerakligini, talabalar o‘rtasida fan va sport to‘garaklari targ‘ibotini yanada kuchaytirish muhimligini  uqtirdi.

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida rektor Ma’rufdjan Rasulov talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

Matbuot xizmati