Yurtimiz yulduzlari

Har bir xalqning salohiyati avvalo uning ma’naviy kamoloti, aql-zakovati, kuch-qudrati va bunyodkorlik faoliyati bilan belgilanadi. Ma’rifatli dunyo taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz ishlari bilan haqli ravishda fahrlanamiz, lekin shu bilan birga har bir avlod tarixning o‘ziga tegishli sahifasini o‘zi yozishi lozim. Ayni kunlar sahifalarini ijobiy chizgilar bilan boyitib borayotgan yoshlar bilan bilan bir qatorda, mustaqil yo‘lini topishga intilayotgan yangi avlod vakillari ham bor. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 5000 mingdan ortiq yoshlar o‘zligini anglash, o‘z taqdirining chinakam egasi va o‘z tarixining ijodkori bo‘lish yo‘lida bilim olib, ilmiy izlanmoqdalar.

Sog‘lom va barkamol avlod, mard va vatanparvar avlodni tarbiyalab voyaga etkazish jarayonida jahon maydoniga chiqib, eng baland martabali anjuman va chempionatlarda, keskin kurashlarda tengsiz g‘alaba erishayotgan yurtimiz yoshlarini na’muna qilib ko‘rsatish, ular bilan suhbatlar uyushtirish ma’naviy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sifatida shakllangan. Shu ma’noda dunyoning eng yosh grossmesteri Javohir Sindorov va Osiyo chempioni Humoyun Sindorovlar ishtirokidagi ma’rifiy tadbir institutimiz yoshlari uchun nafaqat ma’naviy ozuqa, shu bilan bir qatorda sport musobaqasiga aylandi.

Javohir Sindorov bolaligidan shaxmatga alohida mehr qo‘ygan, dastlab murabbiyi Sabohat va Sirojiddin Zayniddinovlar, keyinchalik  xalqaro grossmeyster Marat Jumayevdan saboq olganligidan mamnun ekanligini bildirdi. To‘rt karra jahon chempioni va to‘rt karra Osiyo chempioni Javohir Sindorov yig‘ilish ishtirokchilariga fikrlash va o‘z imkoniyatlarini erkin namoyish qilish borasida “master-klass” o‘tab berdi.

Osiyo chempioni Humoyun Sindorov ota-bobolari kim ekanligini yodda tutib, ularga munosib avlod bo‘lishga intilib katta dovonlarni zabt etayotganligini fahr bilan tilga oldi.

Chempion Sindorovlarni mustaqil izlanish va tinimsiz mehnat, uzluksiz mutolaa ota-onasining umidlarini ruyobga chiqishiga xizmat qilganligini bildirdi.

Tadbir yakunidagi shaxmat musobaqasi yoshlarning aqliy chiniqishiga, halol bellashuvlar ishtiyoqi, xalqimizga xos mardlik, tantilik va bag‘rikenglik xislatlarini shakllanishi asosida ma’naviyatining yuksalishiga xizmat qildi.