QARORLAR IJROSI AMALDA

Mamlakatimizda ta’lim sifatini, uning jamiyatda kechayotgan islohotlardagi o‘rni va ishtirokini ta’minlamay turib, taraqqiyotga yuz tutishi mushkul. Shu ma’noda, yurtimizda xalqaro talablarga javob beradigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Mazkur xujjatga ko‘ra, “o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning keng jalb qilinganligi”ni belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi topshirilgandi. Institutimizning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi yuqori malakali xorijiy olimlarni o‘quv jarayonlariga jalb etishi orqali tajriba almashish bilan bir qatorda, hamkorlikda yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, yangi xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borishga e’tibor qaratmoqda.

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Xukumati huzuridagi Moliya universitetining professori, falsafa fanlari doktori Toir Maxamatovich Maxamatov kafedra taklifiga ko‘ra tashrif buyurdi. Tashrif davrida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abdulaziz Gulamov qabulida bo‘ldi. Prorektor bilan bo‘lgan muloqotda yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida qisqa vaqt ichida ijtimoiy gumanitar fanlarning sezilarli darajada qisqarganligi, biroq bu fanlar oldidagi maqsad va vazifalarning ahamiyati o‘z kuchida qolishiga qay darajada erishilayotganligi, ijtimoiy-gumanitar fan professor-o‘qituvchilarga yaratilgan sharoitlar xususida fikrlashildi.

Shu kunning o‘zida T.Maxamatovning “Globallashuvning falsafiy muammolari» mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Mutaxassis g‘arb va sharq demokratiyasining falsafasi negizini chuqurroq tahlil qilish bilan bir qatorda globallashuvning salbiy jihatlarini ochib berdi. Ayniqsa, globallashuv iste’molchilik madaniyatining ommalashuvi va asosiy insoniy qadriyatlardan ko‘ra, biror narsaga ega bo‘lishga katta ahamiyat berayotganligi; axborotlarning o‘sishiga olib kelganiga qaramay, ularning aksariyat qismi foydasiz va ma’nosizdir, ba’zi hollarda esa zararligi; iqtisodiy qudratli mamlakatlarning o‘z manfaatli yo‘lida “demokratiya”, “inson huquqlari” degan shiorlar ostida turli mamlakatlar ichki ishlariga aralashish, ayrim mintaqalarda nosog‘lom muhitni yaratishga xizmat qilayotganligi; axborot texnologiyalari va vositalari orqali turli mamlakatlar aholisi turmush tarziga yot bo‘lgan axloqsizlik, zo‘rovonlik illatlarini singdirish orqali, ularning ongi va qalbi egallash jarayoni kuchayotganligi; jinoyatchilikni baynalminallashuvi; turli kasalliklar (OITS, narkomaniya va boshqalar) ham jadallik bilan tarqalayotganligini misollar orqali yoritdi. Bu ma’ruzaning tarbiyaviy qirralarini ochishga ko‘mak berdi.

Ma’ruzadan so‘ng xorijiy olim T.Maxamatov institutning Axborot resurs markazi va uning ilmiy fondi bilan tanishib, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasiga e’tiborini qaratdi.

Tashrif yakunida professor T.Maxamatov taklif va e’tibor uchun institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.