Temir yo’l rahbarlari ishtirokidagi dastlabki xalqaro tadbirga O’zbekiston Respublikasi raislik qildi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar temir yo’llari ma’muriyati rahbarlari ishtirokidagi dastlabki xalqaro tadbirga O’zbekiston Respublikasi raislik qildi. Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari, “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Achilboy Ramatov ishtirok etdi va nutq so’zladi. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari o’z mamlakati temir yo’l tizimi, yuk va yo’lovchi tashish xizmati, olib borilayotgan bunyodkorliklar, yangi loyihalar, tranzit yo’laklar haqida barchaga ma’lumot berishdi.

O’zbekiston Markaziy Osiyoda har tomonlama strategik xududdir. Ushbu maskan Buyuk Ipak Yo’lining eng muhim bo’g’ini bo’lgan. Bugunga kelib ushbu diyor Shimol va Yevro-Osiyo qit’asini bog’laydigan asosiy transport yo’lagi hisoblanadi. Shu bois bugun tashkil etilgan xalqaro anjuman ham ramziy ma’noga ega.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi transport-kommunikatsiya kompleksi taraqqiy etishiga bog’liq. Xususan, temir yo’l transporti davlatlararo tovar ayriboshlash, import-eksport tashuvlar, ayniqsa dengiz yo’llariga to’g’ridan-to’g’ri chiqolmagan va asosan yuklarni quruqlikda tashishga ixtisoslashlangan mamlakatlar uchun muhim o’rin tutadi.

UzA axboroti asosida tayyorlandi