Yoshlarning sportga qiziqishi yanada oshdi

Toshkent temir yo’l muhandislari institutida 1 – iyun «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni»ga bag’ishlab xodimlarning 14 yoshgacha bo’lgan farzandlari o’rtasida sportning shaxmat va shashka turlari bo’yicha musobaqa tashkil etildi. Musobaqa kasaba uyushma qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti hamda shaxmatga ixtisoslashgan Respublika bolalar va o’smirlar maktabi hamkorligida tashkil etildi. O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol qilib tarbiyalash, ularning sportga bo’lgan qiziqishini yanada oshirish, bolalar o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirning birinchi qismida oliy toifali murabbiy, «Shuxrat» medali sohibi Ravshan Shukurov, 2016 – yilgi Osiyo chempionlari Alixon Avazov, Xadyatullo Muxammedovlar so’zga chiqib yurtimizda yoshlarning sport bilan shug’ullanishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani, imkoniyatlardan oqilona foydalanib yurtimiz bayrog’ini yuqori ko’tarib, O’zbekiston nomini butun dunyoga tanitayotgani, jumladan shaxmat va shashka musobaqalari, bu borada yurtimiz vakillarining jahon arenalarida erishayotgan yutuqlari xususida so’zlab berdi.

Shundan so’ng musobaqaga start berildi. Unda 120 nafardan ortiq bolalar o’z yoshi doirasida baxslashdi. Jumladan, shaxmat bo’yicha 13 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida Davlat To’xtaxunov, Ozodbek Mirxotamov uchinchi, Akbarbek Musayev ikkinchi, Shamsiddin Abujabborov birinchi o’ringa, 11 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida Komiljon Qobiljonov, Yunusbek Umarxo’jayev uchinchi, Shahzod Shavkatov ikkinchi, Shahobiddin Abdujabborov birinchi, shashka bo’yicha 8 yoshgacha bo’lganlar o’rtasida Ja’far Karimov ikkinchi, Zafarjon Qobiljonov birinchi, 10 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida Kamron Rajabov va Sarvariddin Nasretdinov uchinchi, Navfal Karimov ikkinchi, Abdulaziz Musayev birinchi o’rinni egalladi.

Musobaqa yakunida g’olib sportsevarlarga kasaba uyushmasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg’alari topshirildi.

TTE va TL fakulteti talabasi

Bunyod Jumaniyozov