Ikkinchi oliy ma’lumot haqida

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar quyidagi ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni olishlari mumkin:

bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha;

magistr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olmoqchi bo‘lgan shaxslar ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza;

oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992 yil 1 yanvardan keyin berilgan diplomlari o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim);

3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat;

№ 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;

pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi.

Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan ko‘rsatiladi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish uchun hujjatlar 20 iyuldan 20 avgustgacha qabul qilinadi.

Ta’lim muassasasi quyidagilarni mustaqil hal qiladi:

hujjatlar qabul qilish;

hujjatlarni qabul qilishda va ularning haqiqiyligini aniqlashda qabul komissiyasi mas’uliyatini oshirish;

ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bo‘yicha kiruvchining birinchi ma’lumoti bilan taqqoslangan holda, o‘quv rejalari va dasturlaridagi farqlarni aniqlash;

o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlar asosida ta’lim muassasasida o‘qitish kursini belgilash;

kiruvchining tegishli kursda o‘qish uchun o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini belgilash.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha o‘qishga kiruvchilarni talabalar safiga qabul qilish ta’lim muassasasining qabul komissiyasi qaroriga asosan o‘qish uchun kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, 15 sentyabrdan kechiktirilmay ta’lim muassasasining rektori buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Ikkinchi oliy ma’lumot olish bo‘yicha o‘quv jarayoni mazkur ta’lim muassasasida amalda kadrlar tayyorlanayotgan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) va ta’lim shakli bo‘yicha, shuningdek, talaba qabul qilingan kursga oid amaldagi normativ-uslubiy hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot bo‘yicha talabalar safiga qabul qilingan shaxslar o‘zlashtirishi ularning bilimini nazorat qilishning reyting tizimiga asosan baholanadi.

Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotini olgan shaxslarga, davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha, davlat namunasidagi hujjat beriladi.