Yosh tadbirkor – elga madadkor

Strategik fikrlash sizni chalkashliklardan qutulib, eng yaxshi yo’lni topishingizga yordam beradi. Bu – fikrlashning butun olamga keng qamrovli qaray olish xususiyati. Bunday qarash sizga odamlar nazarida ortiqcha qiyinchiliklarni to’ldirib yuboradigan qonuniyatlarni ko’rishingizga zamin yaratadi. Mana shu qonuniyatlarni hisobga olib siz doimo o’zingizga: “Mana shu narsa ro’y bersa, nima bo’ladi va aynan nima bu narsaning paydo bo’lishiga sabab bo’ladi?” deya o’zingizdan so’raysiz. Mana shu savollarga javob topish uchun siz doimo harakatda bo’lasiz. Shu bilan birga potensial to’siqlarni ham aniq baholay olasiz. Bu xislatlar esa sizning faol tadbirkor bo’lishingiz uchun ayni muddao.

Yuqoridagi fikrlar bizning emas malakali biznes – trener, “Forta Business Education” trening markazi rahbari, “O’zbekiston” telekanali “Biznes Start” ko’rsatuvi biznes-eksperti Mehriniso Abdurazaqovaga tegishli fikrlardir.

Ma‘lumki, mamlakatimiz aholisining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Shu ma’noda, bugun yoshlar uchun zamonaviy ish joylari yaratish, ularning hayotda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish ko‘zda tutilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunda, yoshlarni faol tadbirkorlikka jalb qilish va bu orqali bandlik masalasini hal qilish davlat siyosatining asosiy yo’nalishlardan biri bo’lib kelmoqda. Ana shunday maqsadni o’zining asosiy yo’nalishi deb hisoblaydigan mutaxassis Mehriniso Abdurazaqova Toshkent temir yo’l muhandislari instituti talaba-yoshlari bilan trening o’tkazdi.

Unda tadbirkor uchun zarur bo’lgan yuqoridagi xislatlar, jumladan muvaffaqiyat yoki yutuqlarga intiluvchi, katalizator, moslashuvchanlik, analitik, tashkilotchi, e’tiqodli inson, boshqaruvchi, aloqa, raqobatchi, bir-biriga bog’langanlik kabilar bilan birgalikda biznes boshlamoqchi bo’lgan yoshlar uchun, mahsulot ishlab chiqarish, logotip, brend, qadoq, mijoz bilan munosabatga kirish, raqobatchilariga nisbatan yetakchi bo’lish xususida, shuningdek “Nima uchun aynan sizning mahsulotingizni sotib olishim kerak?”, b2b va b2c biznesning o’ziga xos tomonlari, “Apple” kompaniyasining muvoffaqiyat siri, missiya, noyob savdo taklifi, narx, mahsulot yashash davrining 4 bosqichi haqida batafsil ma’lumotlar keltirdi.

Seminar so‘ngida talaba-yoshlar o’zini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan batafsil javob oldi.