Xorijda ta’lim olayotgan temiryo’lchi – sportda ham ilg’or

Tanishing!!! Sardorjon Turopov – Toshkent temir yo’l muhandislari institutining “TTE va TL” fakulteti “Transport logistikasi va servis” yo’nalishida tahsil olgan. Hozirda Rossiya federatsiyasining Imperator Aleksandr I nomidagi Sankt-Peterburg davlat temir yo’llari universitetining magistratura bosqichida o’qishni davom ettirmoqda.

Qahramonimiz ilmiy izlanish bilan birgalikda sport bilan ham muntazam shug’ullanadi. Toshkent temir yo’l muhandislari institutida bakalavr bosqichida o’qib yurgan kezlarida yurtimizda o’tkazilgan sport musobaqalarida faxrli o’rinlarni egallagan. Kuni kecha Rossiya federatsiyasida o’tkazilgan musobaqada yana bir yutuqni qo’lga kiritdi. Imperator Aleksandr I nomidagi Sankt-Peterburg davlat temir yo’llari universitetining har yili o’tkaziladigan an’anaviy sport musobaqasida ishtirok etdi. Og’ir atletika yo’nalishi bo’yicha 70 kg vazn toifasida 50ga yaqin nomzodlar orasida faxrli 3-o’rinni egalladi, medal va diplom bilan taqdirlandi.

Temiryo’lchi – sportchi hamyurtimizni navbatdagi yutuq bilan qutlaymiz va yurtimiz bayrog’ini yanada yuqoriga ko’tarishdek faxrli ishlarida omad, zafarlar tilaymiz!!!