Tibbiy profilaktik tadbirlar – salomatlik garovi

Institut “Harakatlar strategiyasi” xonasida “OITS va uning salbiy oqibatlari” mavzuida “O̒zbekiston temir yo̒llari” AJ Markaziy poliklinikasi ginekolog- shifokori Shirin Umaralieva ishtirokida profilaktik tadbir o’tkazildi. Unda professor-o̒qituvchilar, Yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti faollari hamda “Elektromexanika” fakulteti talabalari ishtirok etdi.

Mutaxassis mavzu yuzasidan har bir kishi bilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar berdi. Jumladan, OIV – odam immun tanqisligi virusi bo‘lib, qondagi immunitet tizimini tashkil etadigan limfotsit hujayralarni asta-sekin yemira borishini, u organizmning mikroblardan himoya qilish kuchi – immunitetni kuchsizlantirib, insonni turli xil kasalliklarga tez-tez chalinuvchan qilib qo‘yishini, u bilan zararlangan odam organizmida virus 5-10 yillar davomida yashirin yashashi mumkinligi, yashirin davr shunisi bilan xavfliki, odam bilmagan holda virusni boshqalarga yuqtirishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.

OITS – orttirilgan immuntanqisligi sindromi OIV bilan zararlanishning so‘nggi davri hisoblanadi, — deydi shifokor. — Bu davrda immunitetning kuchsizlanishi natijasida turli xil kasalliklar yuzaga kelib, inson hayoti xavf ostida qoladi. OIV yuqishini oldini olish uchun quyidagilarga ahamiyat berish lozim:

  • tibbiy muolajalar olayotganingizda zararsizlantirilgan asboblarning ishlatilishiga ahamiyat berish;
  • bir martalik shprits va boshqa in’eksiya asboblari va dori vositalarini oldingizda ochishlarini talab qilish;
  • shaxsiy tish cho‘tka, tirnoq tozalash va olish asboblaridan foydalanishga odatlanish;
  • giyohvandlik kabi illatlardan voz kechish;
  • sog‘lom turmush tarziga amal qilish.