Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi hamkorlikda kurashamiz

Toshkent temir yo’l muhandislari institutitda Ichki ishlar vazirligi hamda Transport prokuraturasi bilan hamkorlikda profilaktik tadbir o’tkazildi. Unda O’zbekiston Respublikasi Transport prokurorining katta yordamchilari Tolibjon Karimov va Akmal Tursunov, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo’lim boshlig’i podpolkovnik Baxriddin Sultonov, Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi boshlig’i podpolkovnik Begali Qurbonov va boshqarma katta inspektorlari mayor Davron Ashurov, Ravshan Pirimqulov, shuningdek, Toshkent – Markaziy vokzali jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi boshlig’i Farrux Amriyev hamda institut prorektorlari, professor-o’qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog’lomlashtirish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, odam savdosi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash, shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini institut jamoasiga yetkazishga bag’ishlangan uchrashuvni prorektor Dilshod Baratov olib bordi. Tadbir maqsadi va ishtirokchilari bilan tanishtirgach so’z navbatini O’zbekiston Respublikasi Transport prokurorining katta yordamchisi Tolibjon Karimovga berdi. Mutaxassis bugunga qadar ko’plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani, bosh qomusimizga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo’ravonlikka, shavqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilab qo’yilganini alohida ta’kidladi. Odam savdosi, bu boradagi normativ hujjatlar, uning ko’rinishlari, jinoyatning sodir etilishiga sabab bo’layotgan omillar, qurbonlari va unga qarshi kurash xususida batafsil ma’lumotlar keltirdi.

— Olib borilgan tadqiqotlarga ko’ra, firibgar qo’liga tushgan va odam savdosi qurboniga aylangan shaxslarning aksariyati ularga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o’tkazilganligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo’lishidan cho’chiydi, — deydi Tolibjon Karimov. — Qolganlari esa o’zining xorijga noqonuniy chiqqanligi fosh bo’lishidan qo’rqadi. Bu esa odam savdosi bilan shug’ullangan kimsalarning javobgarlikdan qutulib qolishiga olib keladi, natijada qabih ishlarni davom ettirishga imkon yaratiladi. Shuning uchun har birimiz bu boradagi milliy va xalqaro qonunchilik borasidagi bilimlarimizni mustahkamlab borishimiz zarur.

Shundan so’ng, so’z navbati O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo’lim boshlig’i podpolkovnik Baxriddin Sultonovga berildi. Mutaxassis pirovard maqsadimiz jamiyat barqarorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish ekanligini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori, bu asosda respublika idoralararo tashkil etilgan komissiyalar, jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha komissiya, ularning vazifalari, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning kimlar tomonidan qanday maqsadlarda sodir etilayotgani, uning oldini olish maqsadida moddiy rag’batlantirish tartibining joriy etilganiga bag’ishlangan ma’ruzasini taqdim etdi.

Tadbirning ikkinchi qismida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” va “Angren – Pop” yo’nalishidagi yo’lovchi poyezdlarining vagon oynalariga tosh otish holatlari hamda ushbu huquqbuzarlik sodir etganlar haqidagi “Nigoh” nomli hujjatli film taqdim etildi.

Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi boshlig’i podpolkovnik Begali Qurbonov ham so’zga chiqib respublikamiz temir yo’llarida 2017-2018 yillar mobaynida ro’y bergan baxtsiz hodisalar, jumladan, yo’lovchi va yuk poyezdlarga tosh otish, temir yo’l relsiga jism qo’yish holatlarini statistik ma’lumotlar bilan izohlab berdi hamda talabalarni huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda faol bo’lishga, hamkorlikka chaqirdi.

TTE va TL fakulteti talabasi

Bunyod Jumaniyozov